AQShdan Buxoroga turistlar oqimini ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi
2025-12-01 16:50:00 / Yangiliklar

Xizmat safari Santa Fe shahridan boshlandi. Delegatsiya dastlab Santa Fe shahri meri Allan Vebber bilan uchrashdi. Uchrashuvda Amerika tomonidan birodar shaharlar jamiyati raisi Kerol Lopez, Santa Fe turizm boshqarmasi boshlig‘i Randi Randal, Santa Fe meriyasi ish boshqaruvchisi (menejeri) Andrea Filips, meriya kotibi Andrea Salazar ham qatnashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar tibbiy turizm, gastronomik turizm hamda yoshlar turizmida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar ilgari surdilar. Bundan tashqari, Buxoro turizm salohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Nyu Meksiko ommaviy axborot vositalarida chop etish borasida kelishib olindi.
Tashrif doirasida Santa Fe shahar meriyasi tashabbusi bilan anjuman o‘tkazildi. Anjumanda Santa Fe shahri meri Alan Vebber Nyu Meksiko shtati turizm departamenti rahbarlari va 20 ga yaqin turizm, hunarmandchilik, tibbiyot va transport sohasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tomonlar o‘rtasida turizm, hunarmandchilik, madaniyat va madaniy meros sohasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarni yanada yaxshilash bo‘yicha Santa Fe meriyasi va Buxoro viloyati hokimligi o‘rtasida “Hamkorlik kelishuvi” imzolandi.
Anjumanda Santa Fe va Buxoro shaharlari o‘rtasida ko‘p yillardan buyon birodarlik munosabatlarini rivojlantirishdagi ulkan hissasi hamda O‘zbekistonning turizm va hunarmandchilik salohiyatini Amerika Qo‘shma Shtatlarida keng targ‘ib qilish hamda hamkor tashkilotlarni samarali safarbar qilishdagi fidoiyligi va katta xizmatlari uchun Santa Fe shahrining sobiq meri Kerol Lopez Robertsonga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Shu bilan birga, Buxoro viloyati delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Vashingtondagi elchixonasi bilan hamkorlikda bir qator samarali ikkitomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Jorj Vashington va Jorj Meyson universitetlari faxriy lektori, “Silk Road Dance” raqs san’ati jamoasi rahbari Lantel Viktoriya Grey xonim, “The Javelin Group. LLC” kompaniyasi prezidenti Christine Warnke xonim, “Skal International” turizm kompaniyasi va “Airtifae group” investitsiya kompaniyasi prezidenti Andres Hayes, “DC events” kompaniyasi prezidenti Angie M. Gates xonim hamda shu tashkilot ijrochi direktori Roy Sherman janoblari bilan o‘tkazilgan muzokaralar jarayonida turizm, madaniyat va investitsiyalar yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.








