Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi
2025-09-17 10:10:00 / Yangiliklar

Mazkur konferensiya O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Fanlar akademiyasi Birinchi vitse-prezidenti – Bosh ilmiy kotibi Shamansur Sagdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari – Kalandar Abduraxmanov, Saidaxror G‘ulomov, Ne’matulla Ibrohimov, Qohira universiteti Sharq tillari kafedrasi professori Djalol Said Hafnaviy, Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi, doktor Majid Abdulaziz Turkiy tabrik so‘zi bilan ochib berishdi.
Shuningdek, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilichning tabrigini IRCICA Bosh direktori maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov o‘qib eshittirdi.
Anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) vakillari – doktor Alidost Ertug‘rul, Orxan Cholak, Najat Sayim Xalil, Veysel Bulut, Betul Ayaz, Yekta Zulfiqor, Istanbul universiteti Turkshunoslik instituti o‘qituvchisi Ayna Askero‘g‘lu, Indiana universiteti professori (AQSH) Akram Xabibulla, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, shuningdek, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyada “Markaziy Osiyoning madaniy o‘ziga xosligi”, “Hakim Termiziy asarlarida ilm an-nafis masalasi”, “Ubaydulloh ibn Mas’ud Sadrushsharia asarlarining islom manbashunosligidagi ahamiyati”, Movarounnahrlik muhaddisa va faqihalar faoliyati”, “Markaziy Osiyolik ayollarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi”, “Markaziy Osiyo mamlakatlarida xalq hunarmandchiligi va husnixat san’ati rivoji”, “AQSH kutubxonalarida Samarqand va Buxoro qo‘lyozmalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati









