Konsepsiya loyihasi konfessiyalar vakillari bilan muhokama qilindi
2025-02-06 18:05:00 / Yangiliklar

Spiker o‘rinbosari Rahimjon Hakimov kirish so‘zida Konsepsiya loyihasining ahamiyati, uni qabul qilish zarurati haqida atroflicha to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur Konsepsiya va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi joriy yilning 31-yanvar kuni quyi palataning majlisida birinchi o‘qishda qabul qilinib, 10-fevralga qadar palata rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan.
Muhokamalarda barcha yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etmoqda, o‘z taklif va mulohazalarini bildirmoqda. Xususan, Konsepsiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan kundan to bugunga qadar 300 ga yaqin izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushdi.
Tadbirda Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga, umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgani, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlashga qaratilgani ta’kidlandi.
Ushbu hujjat bilan keyingi yillarda mamlakatimizda mazkur sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilangan Konstitutsiyamiz talablaridan kelib chiqib, qator tushunchalarga aniq ta’riflar berilmoqda. Shuningdek, vijdon erkinligi huquqini yanada kafolatlash, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, tamoyillari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari ochib berilyapti.
Tadbir davomida ishtirokchilar Konsepsiyaning mazmun-mohiyati bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar. Ma’lum qilinganidek, Konsepsiya din sohasidagi siyosatning maqsadini, yo‘nalishlari va mexanizmlarini belgilab beradi. Qolaversa, dunyoviy davlat tushunchasini atroflicha yoritib, bu boradagi yanglish qarashlar va noto‘g‘ri talqinlarga chek qo‘yadi.
Uchrashuvda Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Jumladan, bu borada fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, jamiyatda qonun ustuvorligini, totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlash, davlat va konfessiyalar o‘rtasida diniy bag‘rikenglik hamda konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash, diniy sohada kadrlar tayyorlash hamda diniy masalalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy loyihalarni amalga oshirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish kabi natijalarga erishish mumkinligi ta’kidlandi.
Anjumanda konfessiyalar vakillari so‘zga chiqishib, bugungi kunda yurtimizda ularning faoliyati uchun yaratib berilayotgan keng sharoitlar haqida batafsil to‘xtalishdi. Mamlakatimizda barcha diniy konfessiyalar rahbarlaridan iborat tarkibdagi Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash samarali faoliyat olib borayotgani alohida e’tirof etildi.
Turli konfessiyalar vakillari O‘zbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlik amalda ta’minlangan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida barqaror rivojlanib kelayotganini, unda 16 ta konfessiyaga mansub 2300 dan ortiq diniy tashkilot erkin faoliyat yuritayotganini alohida qayd etishdi.
Mazkur Konsepsiya o‘z vaqtida ishlab chiqilgani hamda uni qabul qilish ko‘p millatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekiston xalqining birligi, birdamligi, yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishi alohida e’tirof etilib, u qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbir yakunida mazkur hujjat keng jamoatchilik, shu jumladan, turli konfessiyalar vakillarining taklif va mulohazalari asosida yanada maromiga yetkazilishi, shuningdek, qonun qabul qilinganidan keyin uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish hamda ijrosini ta’minlashda konfessiyalar vakillari bilan yaqin hamkorlik qilinishi ta’kidlandi.








