“ONA TILIM – G‘URURIM, FAXRIM” MAVZUSIDA MA’RIFIY TADBIR O‘TKAZILDI
2026-10-20 10:55:00 / Yangiliklar

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasida “Ona tilim – g‘ururim, faxrim” mavzusida ma'naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda ona tilimizning milliy o‘zligimiz, ma’naviy merosimiz va madaniyatimizni asrab-avaylashdagi o‘rni, davlat tilining nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish, xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyati hamda savodxonlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o'tinbosari D.Maxsudov hamda rais o'rinbosari M.Qahharova ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, ona tiliga hurmat xalqning tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlari va ma’naviy taraqqiyotiga bo‘lgan ehtiromning muhim ifodasi ekanini ta’kidladilar.
Tadbir davomida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakili, filologiya fanlari nomzodi, dotsent A.Tilavov tomonidan ona tilimizning boy imkoniyatlari, o‘zbek adabiyotining bebaho merosi hamda til madaniyatini rivojlantirishning dolzarb jihatlariga bag‘ishlangan ma’ruza taqdim etildi. Shuningdek, universitet talabalari tomonidan she’rlar o‘qilib, tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishlandi.
Tadbir doirasida Qo‘mita tizimida kitobxonlikni rivojlantirish, ijodiy yondashuvni qo‘llab-quvvatlash va davlat tilida savodxonlikni oshirishga qaratilgan tanlov hamda loyihalarda faol ishtirok etgan xodimlarni taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
Jumladan, "Eng yaxshi kitobxon", “Eng yaxshi infografika” tanlovi hamda "Umummilliy diktant loyihasi"da yuqori natijalarga erishgan xodimlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir yakunida ona tilimizni asrab-avaylash, uning sofligi va nufuzini mustahkamlash, davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish hamda kitobxonlik an’analarini keng targ‘ib etish har birimizning muhim vazifamiz ekani qayd etildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati









