O‘zbekiston delegatsiyasi Bryusselda: terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
2026-09-15 15:20:00 / Yangiliklar

Muzaffar Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida Yevropa tashqi ishlar xizmati (EEAS) terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan «Jaholatga qarshi – ma’rifat» tamoyili asosida «Mahalla yettiligi» kabi institutsional mexanizmlar orqali profilaktika, diniy-ma’rifiy ishlar va jamiyatga qaytarish borasidagi tajriba taqdim etildi.
YeI vakillari O‘zbekistonning diniy-ma'rifiy sohasidagi noyob tajribasini yuqori baholab, bu boradagi natijalarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Tahdidlarni tahlil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruv organi (CUTA) vakillari bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda tashkilot rahbari terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashda yagona muvofiqlashtiruvchi platforma sifatida faoliyat yuritayotgan Strategik tizim bilan tanishtirdi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati





