TA’LIM-TARBIYA BUYUK KELAJAK POYDEVORI, FIDOYI PEDAGOG UNING MUSTAHKAM USTUNIDIR
2026-10-08 15:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Har qanday davlatning kelajagi inson kapitaliga bog‘liq. Inson kapitali esa, avvalo, sifatli ta’lim-tarbiya orqali shakllanadi.
Inson hayotida shunday kasb egalari borki, ularning mehnati natijasini birgina raqam yoki moddiy mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ustoz va murabbiylar ana shunday sharafli kasb sohibidir. Ular nafaqat bilim beradi, balki insonning dunyoqarashi, tafakkuri, ma’naviy qiyofasi va kelajak maqsadlarining shakllanishiga muhim ta’sir ko‘rsatadi. Unda insonning qalbidagi qadrlash, tan olish va ijobiy munosabat kabi ichki munosabatning xulq-atvordagi ma’naviy-axloqiy ifodasi amaliy xatti-harakatlari uyg‘unlashadi.
Insonni, uning shaxsiyati, qadr-qimmati, mehnati, yoshi, ilmiy yoki ma’naviy fazilatlarini yuksak baholash va unga shu munosabatni so‘z, muomala hamda xatti-harakat orqali jamiyat intellektual salohiyatini shakllantiruvchi shaxs bu Ustoz.
“Murabbiy” so‘zi arab tilidagi “murabbiy” atamasidan o‘zalashgan. U arab tilidagi “rabba”, “tarbiyalamoq, o‘stirmoq, kamol toptirmoq” fe’li bilan bog‘liq. Shu jihatdan “murabbiy”-ning etimologik mazmuni oddiy “o‘rgatuvchi” tushunchasidan kengroq bo‘lib, o‘stirish, tarbiyalash, shakllantirish va kamol toptirish g‘oyalarini qamrab oladi.
“Ustoz va murabbiy” so‘zlari ma’no jihatdan yaqin, ammo aynan bir xil emas, ya’ni ular o‘rtasida muayyan mazmuniy farq mavjud.
Ustoz tushunchasida asosiy urg‘u ilm, bilim, tajriba va hayotiy saboq berishga, murabbiy tushunchasida esa asosiy urg‘u tarbiyalash, qobiliyatni rivojlantirish, shakl qildirish, yo‘naltirish va shaxsni kamolga yetkazishga qaratiladi. Shuning uchun har bir murabbiy ma’lum ma’noda ustoz bo‘lishi mumkin, ammo “ustoz” tushunchasi har doim ham murabbiylikning amaliy va tarbiyaviy funksiyalarini to‘liq ifodalamaydi. Murabbiylikning muhim xususiyati shundaki u individual yondashuvni talab qiladi. Murabbiylikda motivatsiya muhim o‘rin tutadi. U maqsadni aniqlashga yordam beradi, kichik natijalarni e’tirof etadi, xatoni rivojlanish imkoniyati sifatida tushuntiradi, mustaqil qaror qabul qilishni rag‘batlantiradi, shogirda o‘z kuchiga ishonchni shakllantirishga ko‘maklashadi. U yo‘lboshchi va yo‘naltiruvchidir. U o‘z ob’yektiga harakat yo‘nalishini ko‘rsatadi, uni maqsad sari boshlab boradi, rivojlanish jarayoni hamrohlik qiladi. Demak, murabbiy insonni o‘rgatuvchi, tarbiyalovchi, yo‘naltiruvchi vaning qobiliyatlarini maqsadli ravishda rivojlantiruvchi shaxs.
O‘qituvchi so‘zi o‘zbek tilida “o‘qitmoq” fe’lidan yasalgan shaxs oti bo‘lib, lug‘aviy jihatdan boshqalarga bilim beruvchi, o‘qish-o‘rganishga o‘rgatuvchi shaxs ma’nosini anglatadi. Uni o‘qitish harakatini amalga oshiruvchi shaxs, ta’lim jarayonini tashkil etuvchi, o‘quvchining bilish faoliyatini yo‘naltiruvchi, rivojlantiruvchi va tarbiya jarayonida ishtirok etuvchi mutaxassis sifatida qaraladi.
O‘qituvchi ta’lim beruvchi mutaxassis, bilim beradi ko‘nikma shakllantiradi, Ustoz ilm va hayotiy tajriba o‘rgatuvchi, shaxsiy namuna ko‘rsatuvchi shaxs bo‘lib, ilm, tajriba va ma’naviy ta’sir ko‘rsatadi va albatta murabbiy tarbiyalab, rivojlantirib kamolga yetkazadi.
Tom ma’noda ustoz murabbiy deganda mazkur vazifalar bir shaxsda birlashuvini o‘ylashimizni guvohi bo‘lamiz albatta. Shuning uchun kun o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida ustoz ham, murabbiy ham, yo‘naltiruvchi ham bo‘ladi. Aynan ustoz va murabbiylar mustaqil fikrlash, to‘g‘ri savol berish, muammoni tahlil qilish va o‘z qobiliyatiga ishonch hosil qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Shu ma’noda ular tayyor bilimni beruvchilar emas, balki bilim izlashga yo‘lni ko‘rsatuvchi, yo‘naltiruvchi mash’al vazifasini ham o‘tovchi shaxslardir.
Ustoz va murabbiylarga ehtirom Yangi O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanuvchi har bir insonga yuksak hurmat, izzat-ikrom demakdir. Bu yondashuv mamlakatimizda o‘sib ulg‘ayayotgan, kelajak ijodkorlari bo‘lmish har yoshga yuksak va qadrlashga asoslangan hurmat munosabatini ifodalaydi.
Bu yerda muhim bir ma’naviy jihat bor bo‘lib, hurmat nafaqat biror kishini ulug‘lash, balkining daxlsizligi va qadr-qimmatini tan olish g‘oyasi bilan ham bog‘langan. Unda inson qadrini anglash, unga e’tibor va munosib munosabat ko‘rsatish g‘oyasi mujassam.
Kelajak avlod ta’lim-tarbiyasiga mas’ul har bir shaxs boshqa shaxsning qadr-qimmatini tan olish, uni kamsitmaslik, fikri va huquqlariga e’tibor bilan munosabatda bo‘lishi uni tinglay olishi, uning fikrini inkor qilganda ham haqorat qilmasdan, katta-kichikligiga, ijtimoiy holatiga qaramastdan odob bilan muomala qilishi, boshqa insonning shaxsiy hududi va huquqlarini hurmat qilish, tashqi mavqeiga emas, avvalo, inson sifatidagi qadriga asoslanishni talab qiladi.
Ustozga ehtirom xalqimizning ma’naviy qadriyatlarida alohida o‘rin tutadi. Uning bilimi, tajribasi va shogird tarbiyasiga qo‘shgan hissasini qadrlash ehtiromning muhim ko‘rinishi. Ehtirom faqat salom berish yoki hurmat bilan murojaat qilishdan iborat emas. U avvalo, ustoz bergan bilimni qadrlashga, ilmga mas’uliyat bilan yondashishga, ustozning mehnatini munosib natija bilan davom ettirish, halol mehnati va salohiyati bilan inson va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shish, nafaqat insonlarga munosabati, balki tabiatga, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabati, eng muhimi Vataniga sadoqati kabi faoliyatda namoyon bo‘ladi.
Ustozning eng katta yutug‘i va Vatanga xizmati bu avvalo uning shogirdlarining bilimi, tafakkuri va ezgu ishlaridir.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, ta’lim va tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida ta’kidlash joiz. Zero, har qanday jamiyatning kelajagi ta’lim tizimi va yosh avlodga yaratib berilayotgan imkoniyatlari bilan chambarchas bog‘liq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim tizimi, xususan, diniy-ma’rifiy sohasini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda pedagogning maqomi, mehnati, kasbiy mahorati va mas’uliyatiga alohida o‘rin berilmoqda.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida Respublikada 14 ta diniy ta’lim muassasasi hamda 4 ta Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat olib bormoqda. Qisqa davr ichida qamrov qariyb uch barobarga ortdi.
Bugungi kunda oliy diniy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichida qariyb 800ga yaqin talaba (1001 nafardan ortiq bitiruvchi), qariyb 40 nafar magistrlar; O‘rta maxsus ta’lim muassasalarida esa 1 000dan ziyod talaba ta’lim olmoqda.
Bitiruvchilarni imom-xatib va imom noibi, O‘MI tizimidagi tashkilotlarda mutaxassis, diniy ta’lim muassasalari va “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslarida pedagog-o‘qituvchi, shuningdek, oliy diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan ayol-qizlarni hududiy boshqarmalar bilan kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda ish faoliyatini yuritish uchun taqsimot loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Bugun oliy diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining qariyb 30 nafari PhD, 10 nafari DSc ilmiy darajalariga, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega. Xuddi shuningdek, o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-pedagogik salohiyati kundan kunga oshib bormoqda. Shuningdek, 2026 yilda “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘zining 33 yillik sharafli tarixini qarshi oldi. 1993 yilda “Eshon Boboxon” nomi ostida o‘z faoliyatini boshlagan ushbu dargohning ustoz murabbiylari o‘tgan 33 yil davomida ilm-ma’rifat, ma’naviyat va axloqiy kamolot yo‘lida samarali faoliyat olib borib, yurtimizda diniy-ma’rifiy ta’lim va tarbiya rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Xotin-qizlar diniy ta’limi olish uchun mazkur dargohda barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, talaba qizlar tinch va osuda muhitda olish, kasb-hunar egallash, o‘z iqtidorini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Mazkur bilim dargohlarida o‘z pedagogik faoliyatini yuritib kelayotgan ustoz murabbiylarning fidokorona mehnati tufayli ushbu dargohlarda ilm va ma’rifat chirog‘i yillar davomida porlab kelmoqda. Darhaqiqat, har qanday islohotni qog‘ozda qabul qilish mumkin, ammo uni hayotga tatbiq etadigan birrinchi inson pedagogdir. Shu bois, pedagogdan bugun faqat bilim berish emas, balki zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish, ta’lim oluvchi va tarbiya ob’yektining individual qobiliyatini anglash, o‘yin orqali ta’lim berish va har bir tarbiyalanuvchiga alohida yondashish talab etilmoqda. Bu maqsadlar pedagoglar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki ta’lim sifatini oshirish faqat yangi binolar yoki zamonaviy jihozlar bilan emas, avvalo, bilimli, izlanuvchan va mehrli pedagoglar bilan ta’minlanadi.
Bugun O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar kelajakka qo‘yilayotgan eng muhim sarmoyadir. Bu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda har bir pedagogning o‘rni beqiyos. Zero, bugungi uparning qo‘lida ertangi O‘zbekistonning bunyodkori bo‘ladigan avlod taqdiri bor. Shunday ekan, pedagogni qadrlash, uni qo‘llab-quvvatlash va kasbiy salohiyatini yuksaltirish ta’lim islohotlarining eng muhim shartlaridan biridir. Zero, sifatli ta’lim buyuk kelajak poydevori, fidoyi pedagog esa shu poydevorning mustahkam ustunidir.
Matluba QAHHAROVA,
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari
