Mustaqillikning 35 yilligi: tarixiy vorislik, inson qadri va milliy yuksalish
2026-09-29 16:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 29-sentabr kuni, Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarni ochib bergan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahharova tadbirning ahamiyatiga to‘xtalib, Prezident nutqida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni keng jamoatchilikka, xususan, yoshlarga sodda, tushunarli va ta’sirchan shaklda yetkazish muhimligini ta’kidladi.
Tadbirda davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, inson qadrini yuksaltirish, milliy o‘zlik va ma’naviy merosni asrab-avaylash, yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
O‘quv seminari davomida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari tomonidan ma’ruzalar taqdim etildi.
Xususan, tarix fanlari doktori, dotsent Farhod Eshonov "Uch ming yillik ildiz va Uchinchi Renessans: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros" mavzusida, shuningdek, sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Suxrob Xidirov "Milliy yuksalish o‘n yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida" mavzusida ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakat taraqqiyoti va milliy yuksalish jarayonlarini aks ettiruvchi videorolik hamda "O‘zbek kelayotir, tarix qa’ridan" nomli videoklip namoyish etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni keng jamoatchilikka yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarida samarali qo‘llash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati







