MA’RIFAT VA BAG‘RIKENGLIK — YANGI O‘ZBEKISTONNING MA’NAVIY POYDEVORI
2026-09-21 18:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Mustaqillik yillari mamlakatimiz uchun nafaqat siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, balki inson ongi, dunyoqarashi, qadriyatlari va jamiyat tafakkurining yangilanish davri bo‘ldi. Qisqa tarixiy davr ichida ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida tub burilishlar amalga oshirildi. Xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqib, haqqoniy tariximiz, milliy madaniyatimiz, qadimiy an’analarimiz va ma’naviy merosimiz qayta tiklandi. Bu boradagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri — diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, fuqarolarning vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda diniy qadriyatlarni tiklash bilan bog‘liq bo‘ldi.
Mustaqillikning dastlabki huquqiy hujjatlaridayoq fuqarolarning istalgan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqi, ularning dinga munosabatidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlandi. Shu bilan birga, diniy qadriyatlarni tiklash faqat e’tiqod erkinligini ta’minlash masalasi sifatida emas, balki milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy tiklanishning muhim omili deb ham qaraldi. Din davlat mafkurasi sifatida emas, balki fuqarolarning vijdon va e’tiqod erkinligi doirasidagi ijtimoiy-ma’naviy hodisa o‘laroq qayta baholandi.
Bu borada eng muhim jihat — diniy e’tiqod erkinligi bilan dunyoviy davlat tamoyilining uyg‘unligini ta’minlashdir. Chunki diniy qadriyatlarni tiklash, milliy o‘zlik va ma’naviyatni mustahkamlash bilan bir qatorda, turli buzg‘unchi g‘oyalarning oldini olish ham davlat va jamiyat oldidagi muhim vazifalardan biri.
Shu tariqa O‘zbekistonning diniy sohadagi siyosiy-huquqiy yondashuvi din erkinligini tan olish, dinning davlatdan ajratilganligi, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash tamoyillariga asoslandi. Bu tamoyillar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida hamda vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosatiga oid huquqiy hujjatlarda o‘z ifodasini topgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi siyosat turli din vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, hamkorlik, birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilyapti.
Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elatlar, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv va ahil yashab kelmoqda. Milliy madaniyatlarni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirish maqsadida 157 ta milliy-madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatyapti. Ularning faoliyati ko‘p millatli yagona xalq tuyg‘usini mustahkamlash, turli millat vakillarining madaniy merosi va an’analarini asrab-avaylash hamda o‘zaro hurmat muhitini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan ilgari surilgan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” degan g‘oya ham elimizning birdamligi, tinchlikni qadrlash va kelajak avlodni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga bo‘lgan intilishini ifodalaydi. Turli millat va din vakillarining bir maqsad yo‘lida birlashishi, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida yashashi mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy tayanchlaridandir.
Mustaqillik yillarida uzoq vaqt qarovsiz qolgan, ayrimlari esa xarobaga aylangan muqaddas qadamjolar davlat himoyasiga olinib, obodonlashtirildi. Bugun ular nafaqat ziyorat maskani, balki tariximiz, ilmiy-ma’naviy merosimizni keng targ‘ib etuvchi muhim turizm obyektlariga aylanmoqda. Buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, ulug‘ mutakallimlar Imom Moturidiy va Abu Muin an-Nasafiy, buyuk faqihlar Burhoniddin Marg‘inoniy va Abu Bakr Qaffol Shoshiy, tasavvuf peshvolari Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrori Valiy kabi ulug‘ allomalar nomi bilan bog‘liq qadamjolar yangicha qiyofa kasb etmoqda.
Bu haqda gap ketganda, avvalo, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi kabi yirik loyihalarni aytib o‘tish maqsadga muvofiq. Zero, bu maskanlar ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, uni yosh avlodga yetkazish va jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish uchun muhim ilmiy-ma’rifiy maydon bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik, ma’rifat va tinchlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Xususan, 2017-yil 19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjatning asosiy maqsadlari qatorida bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash, diniy erkinlikni ta’minlash, turli millat va din vakillarining huquqlarini himoya qilish kabi muhim vazifalar belgilangan.
Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda bunday tashabbuslarning ahamiyati har qachongidan-da yuqori. Dunyoning ayrim hududlarida millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, radikalizm, diniy murosasizlik va buzg‘unchi g‘oyalar kuchayib borayotgan bir paytda tinchlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni mustahkamlash butun insoniyat uchun dolzarb vazifaga aylanmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan yolg‘on axborot, turli manipulyativ materiallar va buzg‘unchi targ‘ibot materiallari yoshlarning dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini kuchaytirish maqsadida tizimli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Respublika, viloyat, tuman va shahar, mahalla darajasida faoliyat yuritayotgan targ‘ibot guruhlari milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, urf-odat va an’analarni rivojlantirish, bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.
Jamiyatning ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirishda xotin-qizlarning o‘rni beqiyos. Shu bois hududlarda ular bilan tizimli suhbatlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Ularda oilada farzandlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, turli yot g‘oyalardan asrash, oilaviy muhitni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.
So‘nggi uch yil davomida xotin-qizlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni keng targ‘ib qilish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, milliy va diniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish hamda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan manzilli tadbirlarda 600 mingdan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdi. Targ‘ibot guruhi a’zolari va otinoyilarning diniy-ma’rifiy bilimlarini muntazam oshirib borish maqsadida maxsus o‘quvlar tashkil qilinib, ular metodik materiallar bilan ta’minlanmoqda.
2025 yil 17–18 iyul kunlari Jizzax viloyatida, 20–21 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida, 2026 yil 4–5 avgust kunlari esa Andijon viloyatida Respublika targ‘ibotchilar forumi o‘tkazildi. Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida mafkuraviy immunitetni mustahkamlash va turli salbiy ta’sirlarga qarshi barqaror muhit yaratish maqsadida islomshunoslik, dinshunoslik va psixologiya yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislar ishtirokida diniy-ma’rifiy sohaga oid dolzarb mavzularda 200 dan ziyod medialoyihalar — podkast, videorolik va boshqa kontentlar tayyorlandi. Bu kabi loyihalar zamonaviy axborot makonida ma’rifatli, ilmga asoslangan va sog‘lom qarashlarni keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Bugun O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, ta’lim, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish bir-birini to‘ldiruvchi muhim yo‘nalishlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zero, jamiyatning barqaror taraqqiyoti faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki uning ma’naviy salohiyati, fuqarolarning dunyoqarashi, o‘zaro hurmati va hamjihatligi bilan ham belgilanadi.
Matluba QAHHАROVA,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari
