BIZ BUGUN KECHAGIDAN KUCHLIMIZ Ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz!
2026-09-09 13:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Istiqlol ne’mati tufayli yurtimizda nafaqat davlat va jamiyat hayotida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi, balki xalqimizning ma’naviy dunyosi, milliy va diniy qadriyatlariga munosabatida ham yangi davr boshlandi.
Mustaqillikning 35 yilligi xalqimizning istiqlol yillaridagi fidokorona mehnati, ulkan irodasi va bunyodkorlik salohiyati bilan bosib o‘tilgan murakkab va sharafli taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish, erishilgan natijalarni yanada chuqur anglash va kelgusi marralarni belgilash uchun muhim tarixiy palladir.
Zero, mustaqillik bizga, avvalo, o‘zligimizni anglash, milliy g‘ururimizni tiklash, shon-u sharafimizni yuksaltirish, dinimiz, ona tilimiz va asriy qadriyatlarimizni e’zozlash imkonini berdi. Bugungi kunda esa biz aynan erkin va farovon hayot, tinchlik va osoyishtalik, inson huquq va erkinliklari, vijdon erkinligi hamda diniy bag‘rikenglik kabi yuksak qadriyatlarni yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asoslari sifatida ko‘rmoqdamiz.
Inson qadri ulug‘langan yurt
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, so‘nggi yillardagi islohotlarning bosh maqsadi insonning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilmoqda.
“Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya davlat siyosatining markaziga chiqarildi. Ilgari odamlarni yillar davomida qiynab kelgan qator muammolarga barham berildi.
Eng muhimi, jamiyatda ishonch va xotirjamlik ustuvorlik kasb etmoqda. Bu esa inson qadrini ulug‘lashga asoslangan yangi O‘zbekiston g‘oyasining amaliy ifodasidir.
Istiqlol yillaridagi iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar natijasida aholi turmush darajasi yaxshilanmoqda, zamonaviy uy-joylar qurilmoqda, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashning manzilli mexanizmlari joriy etilmoqda.
Bu jarayonlar diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar bilan ham uzviy bog‘liq. Chunki inson qadrini ulug‘lash, uning e’tiqodiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, vijdon erkinligini ta’minlash va turli qarashlarga bag‘rikenglik bilan yondashish barqaror va adolatli jamiyatning muhim shartlaridir.
Vijdon erkinligi — mustaqillikning ulug‘ ne’mati
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, vijdon erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari yaratildi. Keyinchalik mazkur qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bilan bu kafolatlar zamon talablari asosida yanada takomillashtirildi.
Bugun mamlakatimizda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan. Diniy sohada davlat siyosatining huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, fuqarolar diniy ehtiyojlarini qonuniy va erkin amalga oshirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu mustaqillikning inson hayotidagi eng muhim ma’naviy samaralaridan biridir. Zero, xalqning erkinligi faqat uning siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarida emas, balki o‘z ma’naviy dunyosi, e’tiqodi va qadriyatlarini anglash, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish imkoniyatida ham ko‘rinadi. Mustaqillik bizga ana shu imkoniyatni berdi.
Ma’rifat — taraqqiyot poydevori
O‘zbekistonning buyuk tarixida ilm-fan va ma’rifat doimo yuksak o‘rin tutgan. Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan buyuk allomalarimizning diniy-ma’rifiy merosi ana shu ulkan sivilizatsiyaning ajralmas qismidir.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband kabi ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi xalqimizning bebaho boyligidir. Ularning asarlarida ilm, aql, ma’rifat, ezgulik, insonparvarlik, bag‘rikenglik va ma’naviy kamolot g‘oyalari mujassam.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ana shu bebaho merosni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi esa bu yo‘nalishdagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Samarqand zaminida Imom Buxoriy majmuasining qaytadan bunyod etilgani ham xalqimizning buyuk muhaddis merosiga yuksak ehtiromini ifodalaydi.
Bu dargohlar faqat ziyorat maskanlari emas. Ular ilm-ma’rifat, tarixiy xotira, milliy o‘zlik va ezgulik g‘oyalarini uyg‘unlashtiruvchi ma’naviy markazlar sifatida ham katta ahamiyatga ega.
Uchinchi Renessans asosi — bilimli va ma’rifatli yoshlar
Bugun O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik milliy yuksalish davri bo‘lishi belgilanmoqda. Bu buyuk maqsadga erishishda ta’lim, ilm-fan va ma’rifat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, kelgusi yillarda bilim va malakani taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Bolalarni maktabga tayyorlash, ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida oshirish, texnikumlarda yuqori daromadli kasblarga o‘qitish, mamlakatimiz universitetlarini dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoriga olib chiqish kabi vazifalar qo‘yilgani bejiz emas.
Chunki Uchinchi Renessans, avvalo, bilimli, mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalashni talab etadi.
Mazkur jarayonda yoshlarimizga milliy va diniy qadriyatlarning insonparvarlik mohiyatini to‘g‘ri anglatish, ularni ilm va ma’rifatga, vatanparvarlik va ezgulikka yo‘naltirish, turli buzg‘unchi g‘oyalardan asrash bugungi davrning muhim vazifalaridan biridir.
Ayniqsa, AI, sun’iy intellekt, zamonaviy texnologiyalar va kreativ iqtisodiyot kabi sohalar jadal rivojlanayotgan bir paytda yosh avlodning raqamli dunyoda munosib o‘rin egallashi bilan birga ma’naviy ildizlariga, qadriyatlariga hamohang tarzda faoliyat yuritishi juda muhim. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘zbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim. Zero, bilim, ma’naviyat va qadriyat uyg‘unligi barkamol insonning eng muhim belgisidir.
Bag‘rikenglik — xalqimizning bebaho boyligi
O‘zbekiston azaldan turli millat va din vakillari tinch-totuv va hamjihat yashab kelgan zamindir. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Notinchlik va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan bugungi murakkab dunyoda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning bebaho boyligidir.
Diniy konfessiyalar vakillarining o‘z diniy an’ana va marosimlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani, konfessiyalararo muloqot va hamkorlik rivojlanib borayotgani yurtimizda qaror topgan bag‘rikenglik muhitining amaliy ifodasidir.
2023-yilda “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani ham bu qadriyatni rag‘batlantirishga e’tiborning yorqin namunasi. Ramazon va Qurbon hayiti kunlari rasmiy bayram sifatida nishonlanishi esa elimizning asriy diniy va milliy qadriyatlariga davlat darajasida yuksak ehtirom ko‘rsatilayotganini ko‘rsatadi.
Bu qutlug‘ ayyomlar mehr-oqibat, saxovat, kechirimlilik, hamjihatlik va insonparvarlik kabi fazilatlarni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Mehr-oqibat va insonparvarlik — milliy qadriyatimiz
Inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi jamiyatimizda mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada kuchaytirmoqda. Ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalarga, muhtoj va bemor insonlarga yordam ko‘rsatish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilish borasidagi ishlar tobora kengaymoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bir qator xayrli tashabbuslar ham istiqlol bayrami shukuhini har bir xonadonga yetkazishga xizmat qildi.
Bu ishlar zamirida xalqimizning azaliy fazilatlari — mehr-oqibat, saxovat, himmat va hamjihatlik mujassam.
Bugun mahalla nafaqat ijtimoiy hayotning muhim bo‘g‘ini, balki insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydigan ma’naviy maktab hamdir.
Odamlarning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istaklari, tadbirkorlarning tashabbuslari, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Mahallada turli millat vakillari, turli diniy qarashlarga ega insonlar bir oiladek yashaydi. Shu ma’noda, mahalla bag‘rikenglik va totuvlikning eng muhim hayotiy maktabidir.
Taraqqiyot kafolati
Inson qadri ulug‘langan, qonun ustuvor bo‘lgan va jamiyatda o‘zaro hurmat qaror topgan yurtda iqtisodiy taraqqiyot ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilgani nafaqat mintaqaviy barqarorlik, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va bag‘rikenglikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Jahonning turli mintaqalari bilan hamkorlik kengayishi, xalqaro nufuzi ortib borayotgani O‘zbekistonning tinchliksevar va konstruktiv davlat sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda.
Biz uchun tinchlik shunchaki siyosiy tushuncha emas. Tinchlik insonning xotirjam hayoti, farzandlar kelajagi, oila farovonligi, ilm va ma’rifat ravnaqi, diniy e’tiqod erkinligi hamda jamiyat taraqqiyotining eng muhim shartidir.
O‘tgan 35 yillik taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni yana bir bor anglatmoqda: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Bu borada belgilangan yetti milliy dastur hayotimizning eng muhim sohalarini qamrab olgani bilan alohida ahamiyatga ega. Ularning har biri mohiyatan inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan.
Ayniqsa, yurtimizni tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan vazifalar diniy-ma’rifiy soha uchun ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Bag‘rikenglikni faqat qonunlar bilan emas, avvalo, insonlarning qalbi va ongida qaror toptirish zarur. Buning uchun ilm, ma’rifat, sog‘lom e’tiqod va o‘zaro hurmat muhitini yanada kuchaytirishimiz kerak.
O‘tgan o‘ttiz besh yil davomida diniy-ma’rifiy sohada kechgan islohotlar va erishilgan natijalarga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqat yanada ayon bo‘ladi: istiqlol xalqimizga nafaqat davlat mustaqilligini, balki o‘z tarixi, ma’naviyati, e’tiqodi va qadriyatlarini anglash imkonini ham berdi.
Bugun yurtimizda vijdon erkinligi huquqiy jihatdan mustahkam kafolatlangan, turli din va konfessiya vakillari tinch va hamjihat hayot kechirmoqda. Buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Ziyoratlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlik esa xalqimizni birlashtiruvchi, jamiyatimiz tinchligi va barqarorligini mustahkamlovchi muhim qadriyat sifatida qaror topmoqda.
Ayni paytda O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar istiqlolning ezgu maqsadlarini yangi mazmun bilan boyitmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, huquq va erkinliklarni ishonchli himoya qilish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy muhitni yuksaltirish, jamiyatda tinchlik, totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash taraqqiyotimizning muhim mezonlariga aylanmoqda.
Shu bois, mustaqillikning 35 yilligi biz uchun nafaqat o‘tgan yillarni sarhisob qilish, balki ertangi kun haqida yanada chuqur mulohaza yuritish, yangi O‘zbekistonning yangi taraqqiyot marralari sari dadil intilish uchun ham muhim fursatdir. Zero, istiqlolning qadri faqat erishilgan yutuqlar bilan emas, uni asrash, bu ne’matni qadrlash va kelajak avlodlarga munosib holda yetkazish mas’uliyati bilan ham belgilanadi.
Bu ulug‘ qadriyatning mazmunini yanada boyitish har bir avlodning muqaddas burchidir.
Tinchlik va osoyishtalikni asrash, inson qadrini ulug‘lash, vijdon erkinligini ta’minlash, ilm-ma’rifatni yuksaltirish, yoshlarni ezgu maqsadlar sari yo‘naltirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, turli millat va konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash yangi O‘zbekistonning yorug‘ kelajagini bunyod etish yo‘lidagi eng muhim vazifalarimizdir.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz”.
Sodiq TOSHBOYEV,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
