DINIY-MA’RIFIY TARAQQIYOT POYDEVORI
2026-09-10 16:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, izchil va tizimli islohotlar samarasi o‘laroq jamiyat hayotining barcha sohalari qatorida diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham muhim o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Ushbu yangilanishlar, avvalo, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy ta’lim sifatini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish hamda jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Mustaqilligimizning 35 yilligiga
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning eng muhim natijalaridan biri sifatida zamonaviy diniy ta’lim tizimi, ilmiy tadqiqot muhiti va malakali kadrlar tayyorlashning mustahkam asoslari shakllanganini alohida qayd etish lozim.
Ayniqsa, keyingi yillarda diniy ta’lim mazmunan va sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Diniy ta’lim muassasalarining maqomi va imkoniyatlari kengaytirildi. Buxoroda Mir Arab oliy madrasasining ochilishi yurtimizda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi rivojiga muhim hissa qo‘shdi. Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil qilinishi esa diniy-ma’rifiy ta’lim va islomshunoslikdagi yirik institutsional islohotlardan biri bo‘ldi. Uning faoliyati ilmiy va ta’lim yo‘nalishlarini yanada aniqlashtirish imkonini berdi. Akademiya hamda diniy ta’lim muassasalarida “4+2” shaklidagi dual ta’lim tizimining joriy qilinishi talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga hissa qo‘shmoqda.
2024 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ilk bor magistratura bosqichining ochilishi diniy oliy ta’limda yangi ilmiy va akademik imkoniyatlarni yaratdi. Shu yili Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy nomidagi islom institutining faoliyat boshlashi esa hududlarda ham yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirdi.
E’tiborlisi, diniy ta’lim muassasalari diplomlarining davlat hujjati sifatida e’tirof qilinib, dunyoviy ta’lim muassasalari hujjatlariga tenglashtirilishi ham mazkur tizim nufuzini oshirdi.
Yurtimizda diniy ilmlarni tizimli va fundamental asosda o‘rganish maqsadida hududlarning tarixiy-ilmiy an’analaridan kelib chiqqan holda maxsus ilmiy maktablarga asos solindi. Masalan, Samarqand viloyatida “Hadis” va “Kalom”, Qashqadaryo viloyatida “Aqida”, Buxoroda “Tasavvuf”, Farg‘onada “Fiqh” maktablarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Albatta, ushbu maskanlar bir jihatdan ajdodlarimizning ilmiy an’analarini qayta tiklashga xizmat qilsa, ikkinchidan, zamonaviy diniy masalalarga mo‘tabar manbalar va ilmiy yondashuv asosida munosabat bildirish uchun mustahkam baza yaratmoqda.
Bu yerda yana bir muhim jihat bor. Diniy sohadagi zamonaviy muammolarni faqat diniy manbalarni bilish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Bugungi mutaxassis jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlar, huquqiy munosabatlar, axborot texnologiyalari va global tahdidlarni ham to‘g‘ri anglay olishi kerak. Shu bois diniy ta’limda zamonaviy fanlar bilan uyg‘unlik masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik modullar diniy ta’limga kirib keldi. Bugungi yoshlar diniy manbalarni chuqur o‘rganish bilan bir qatorda keng dunyoqarashli bo‘lib yetishishlari uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ham ega bo‘lmoqda.
Imom-xatiblarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini muntazam oshirish tizimi ham tubdan takomillashtirildi. Imom-xatiblar uchun modul ta’lim tizimi joriy qilinib, diniy bilimlar bilan bir qatorda huquqiy, ijtimoiy va siyosiy yo‘nalishlarda ham bilim va ko‘nikmalarni oshirish imkoniyati yaratildi. Xususan, Malaka oshirish markazining Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti sifatida qayta tashkil etilishi bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi.
Institutda o‘quv reja va dasturlari zamonaviy talablar asosida yangilanib, imom-xatiblar uchun ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va boshqa yo‘nalishlarda maxsus o‘quv modullari joriy qilindi.
Buning boisi aniq: bugungi imom-xatib faqat masjidda ibodatlarni ado etishga rahbarlik qiluvchi shaxs emas. U zamonaviy jamiyatda musulmon dunyoqarashini shakllantirish, oilalar bilan ishlash, yoshlarga tarbiya berish, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash ishida faol qatnashadi. Shunday ekan, uning bilim doirasi keng, zamonaviy tahdidlarga nisbatan hushyor va jamiyat hayotini teran anglaydigan bo‘lishi muhim.
So‘nggi yillarda masjidlarda xizmat qilayotgan imom-xatiblar va imom noiblarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishildi. Bugun masjidlarda mehnat qilayotgan 2 mingdan ziyod imom-xatiblar va mingdan ortiq imom noiblari barqaror ish haqi bilan ta’minlangan. 208 nafar shahar va tuman bosh imom-xatibiga respublika darajasida oylik maosh to‘lanishi ham soha xodimlarining mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Diniy-ma’rifiy sohada aholiga ishonchli va asosli diniy bilim yetkazish masalasi ham ustuvor vazifalardan biridir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida Fatvo markazining tashkil etilishi bu yo‘nalishda muhim ish bo‘ldi. Bugun markazda 25 nafar tajribali va malakali ulamo faoliyat yuritib, aholining diniy masalalarga oid savollariga mo‘tabar manbalar asosida javob bermoqda. Call-markaz orqali shu kunga qadar 1,5 milliondan ziyod savollarga javob qaytarilgani aholining ishonchli diniy manbaga ehtiyoji qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Yurtimizda 30 dan ziyod Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslarining faoliyat yuritishi ham istiqlol ne’matlaridan biridir. Ushbu kurslarda 100 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Qur’oni karimni to‘g‘ri o‘qishni o‘rgandi.
Bugun dunyoda axborot oqimi cheksiz, turli g‘oya va qarashlar bir-biri bilan raqobat qilayotgan murakkab davrda yashayapmiz. Bunday sharoitda yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash uchun eng samarali yo‘l to‘g‘ri bilim va ma’rifatdir.
Bu kabi kurslarning muhim jihati shundaki, aholi diniy bilimni tasodifiy yoki ishonchsiz manbalardan emas, balki malakali mutaxassislardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Zamonaviy dunyoda diniy-ma’rifiy soha faoliyatini axborot maydonidan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. “Ziyo” mediamarkazining tashkil etilishi ham ana shu ehtiyojdan kelib chiqqan muhim tashabbuslardan. Markaz aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom e’tiqod, milliy-diniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi zamonaviy mediamahsulotlar tayyorlamoqda.
“Hidoyat sari”, “Ma’rifiy suhbatlar”, “Imom Buxoriy saboqlari”, “E’tiqod durdonalari” kabi teledasturlar, “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari, “Islom nuri” gazetasi orqali aholiga salmoqli ma’rifiy materiallar yetkazilmoqda.
Diniy soha vakillari tomonidan yuritilayotgan internet saytlari soni 50 taga, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar soni 2 mingtaga yetgani, ularning umumiy auditoriyasi esa 20 millionni tashkil etayotgani sohadagi axborot ishlari qanday katta ko‘lamga chiqqanini ko‘rsatadi.
“Moturidiylik” jurnalining nashr qilinishi esa milliy diniy-ilmiy merosni akademik asosda o‘rganish va targ‘ib etish uchun yana bir muhim maydon yaratdi.
Bugun dunyoda axborot oqimi cheksiz, turli g‘oya va qarashlar bir-biri bilan raqobat qilayotgan murakkab davrda yashayapmiz. Bunday sharoitda yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash uchun eng samarali yo‘l to‘g‘ri bilim va ma’rifatdir. Shu ma’noda, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, imom-xatiblar, ulamo va sohada faoliyat yuritayotgan mediatuzilmalarning vazifasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Ularning barchasini yagona — ishonchli bilim berish, jamiyatda sog‘lom diniy muhitni mustahkamlash, xalqimizning buyuk ma’naviy va ilmiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish maqsadi birlashtiradi.
Endigi vazifa esa mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni xalqaro darajaga olib chiqish, zamonaviy bilimlarga ega, Vatan va xalq manfaatlariga sadoqatli diniy soha kadrlarini tayyorlashdan iborat.
Mustaqillik yillarida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning milliy va ma’naviy qadriyatlarini asrab-avaylash, vijdon erkinligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish hamda yosh avlodni ilm-ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida bugungi kunda bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar faqatgina muayyan o‘zgarishlar yoki yangilanishlar bilan cheklanib qolmasdan, inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan izchil davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Davronbek MAXSUDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari.
