ANDIJONDA III RESPUBLIKA “TARG‘IBOTCHILAR” FORUMI O‘TKAZILDI
2026-08-06 10:45:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 4–5-avgust kunlari Andijon viloyatida III Respublika “Targ‘ibotchilar” forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatda, xususan, xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, diniy-ma’rifiy vaziyat barqarorligini ta’minlash, targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish hamda hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Xonobod shahar hokimligi binosida 300 nafardan ortiq ishtirokchi ishtirokida forumning asosiy tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir davomida xotin-qizlar o‘rtasida aniqlanayotgan xavf omillarining oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash, o‘zboshimchalik bilan fatvo berishning salbiy oqibatlari, diniy ta’lim sohasidagi islohotlar, buzg‘unchi g‘oyalarga moyil shaxslar bilan ishlash hamda virtual makondagi zararli axborotlarni farqlash masalalari yuzasidan ma’ruza va mahorat darslari tashkil etildi.
Shuningdek, Andijon shahridagi “Navro‘z mall” savdo markazida “O‘zbegim ayollari” shiori ostida milliy liboslar namoyishi o‘tkazildi. Namoyish orqali milliy liboslarning o‘ziga xosligi va jozibasini keng targ‘ib qilish, yosh avlodda milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Forumning ikkinchi kunida respublika “Targ‘ibot guruhi” a’zolari Andijon viloyatining 13 ta tuman va shahrida manzilli targ‘ibot hamda profilaktika tadbirlarini amalga oshirdilar.
Shuningdek, 21 ta mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhit, xotin-qizlar bilan ishlash holati va targ‘ibot guruhlari faoliyati o‘rganilib, mas’ullarga amaliy tavsiyalar hamda tegishli topshiriqlar berildi.
Viloyat tumanlarida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlaridan so‘ng Andijon davlat tibbiyot instituti majlislar zalida forum yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari, respublika “Targ‘ibot guruhi” rahbari M. Qahhorova, Andijon viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari A. Otabayev hamda Qo'mita bo‘lim boshlig‘i I. Ahmedova tomonidan forum doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, forum va uning doirasidagi tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etishda faol ishtirok etgan mas’ullar hamda targ‘ibot guruhi a’zolari sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Mazkur forum ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish, hududlardagi samarali tashabbuslarni ommalashtirish hamda ularni respublikaning boshqa hududlarida tatbiq etish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati









