“Soxta axborotlarga qarshi immunitet” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
2026-08-05 10:30:00 / Yangiliklar

Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Jaholatga qarshi maʼrifat” loyihasi doirasida “Soxta axborotlarga qarshi immunitet” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi maslahatchisi I.Marupov ishtirok etib, bugungi kunda yoshlarning maʼnaviy tarbiyasi, diniy-maʼrifiy savodxonligini oshirish, axborot makonida uchrayotgan soxta xabarlar, manipulyativ axborotlar hamda buzgʻunchi gʻoyalarning salbiy oqibatlari haqida maʼruza qildi.
Maʼruza davomida jaholat va mutaassiblikning jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri, maʼrifatning inson kamoloti va Vatan ravnaqidagi oʻrni, shuningdek, internet hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan tekshirilmagan maʼlumotlarga tanqidiy yondashish, faqat rasmiy va ishonchli manbalardan foydalanishning ahamiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yosh harbiy xizmatchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy ongi, maʼnaviy barkamolligi hamda axborot tahdidlariga qarshi mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bildirildi.
Tadbir savol-javoblar tarzida davom etib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha javob oldilar.
🌐 Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati







