O‘zbekiston–Turkiya: diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik masalalari muhokamasi
2026-07-08 20:10:00 / Yangiliklar

“Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev va Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (İSAM) direktori Murtazo Bedir o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Muzokaralar chog‘ida Istanbul shahridagi Islom tadqiqotlari markazi (İSAM) bilan ilmiy hamkorlikni tizimli asosda yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, İSAMning ilmiy va metodik tajribasini Islom ensiklopediyasini tayyorlash jarayoniga joriy etish, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bazasida magistrantlar va doktorantlar uchun İSAMning yetakchi mutaxassislari ishtirokida maxsus o‘quv modullari hamda onlayn mashg‘ulotlarni tashkil etish, shuningdek, Akademiyaning 2-bosqich talabalari va magistrantlari uchun İSAM bazasida qisqa muddatli amaliy o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida institutsional hamkorlikni yanada kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda malaka oshirish loyihalarini amalga oshirish, islomshunoslik va zamonaviy diniy ta’lim sohalarida ilg‘or tajribalar almashinuvini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Uchrashuv davomida mazkur hamkorlik diniy-ma’rifiy sohada amaliy sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, bag‘rikenglik, ma’rifatparvarlik va mo‘tadillik tamoyillarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
🌐 Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati






