“Xalq diplomatiyasi va diniy bagʻrikenglik millatlararo muloqotning samarali vositasi: Yangi Oʻzbekiston tajribasi”
2024-08-22 10:25:00 / Yangiliklar

Mazkur anjuman Xitoy va Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va BMT Bosh assambleyasi joriy yilning 7-iyun kuni bir ovozdan maʼqullagan “Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni” rezolyutsiyasi ijrosini taʼminlash doirasida tashkil etildi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idora rahbarlari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan turli konfessiya va milliy madaniy markazlar vakillari, dinshunos olimlar va yoshlar qatnashdi.
Mazkur anjumanda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari D.Maxsudov ishtirok etdi.
“Soʻnggi yillarda, Oʻzbekistonda diniy erkinlik, dinlararo barqarorlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash borasida jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Bu ijobiy qadamlar, oʻz navbatida, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlarni bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, ularni yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish, Vatanga sadoqat, boshqa din va millat vakillariga nisbatan oʻzaro mehr-oqibat hamda hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat yangi bosqichga koʻtarildi” - dedi D.Maxsudov.
Konferensiyada ishtirok etgan mutaxassislar xalqaro maydonda davlatlarning bir-biriga oʻzaro ishonchi susayib borayotgan murakkab sharoitda mamlakatimizda hukm surayotgan oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, totuvlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashni alohida taʼkidlab oʻtishdi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan dinlararo totuvlikni mustahkamlash, tinchlik va dinlararo totuvlikni saqlash uchun madaniyat va sivilizatsiyalar muloqotini kengaytirish uchun xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan foydalanish borasida bildirilgan takliflar umumlashtirilib, kerakli tavsiya va xulosalar ishlab chiqildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati




