2026-yilning birinchi yarim yilligida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida BRIFING
2026-07-16 11:15:00 / Brifing

Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish hamda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’rifiy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–21-son Farmoni hamda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–22-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Hisobot davrida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy sohadagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish, jamiyatda bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, ekstremizm va terrorizm g‘oyalariga qarshi ma’rifiy kurash samaradorligini oshirish hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda boshqa topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Qo‘mitaning tarkibiy bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari tomonidan «Ijro.gov.uz» tizimi orqali yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ta’minlandi, ijro intizomini mustahkamlash hamda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha doimiy monitoring olib borildi.
Ushbu tizimida 2 ta O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 67 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni, 112 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori, 6 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi, 115 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bayonida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita asosiy (teng kuchli) ijrochi va hamijrochi etib belgilangan topshiriqlarning barchasi muddatdan avval yoki o‘z muddatlarida bajarildi.
Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, diniy bag‘rikenglik va milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish maqsadida respublika bo‘ylab “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida keng ko‘lamli ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Hisobot davrida mazkur tizim doirasida 223 mingdan ortiq ma’rifiy va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, 32 873 ta “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi targ‘ibot tadbirlari, 35 072 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan uchrashuvlar, 22 571 ta yoshlar bilan ochiq muloqotlar, 21 706 ta notinch va ajrim yoqasidagi oilalar bilan suhbatlar, 35 295 ta mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Diniy tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, diniy ta’lim tizimini takomillashtirish hamda sohaga malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda respublikada 2 160 ta masjid, 14 ta islom ta’lim muassasasi (shundan 4 tasi oliy va 10 tasi o‘rta maxsus) hamda 5 ta ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat yuritmoqda.
2026 yil 1-yarim yilligi davomida 12 ta yangi masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, 41 ta masjidda rekonstruksiya ishlari, 10 ta masjidda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, diniy-ma’rifiy soha xodimlarining malakasini muntazam oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tomonidan imom-xatiblar, imom-noiblar, otinoyilar, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari uchun zamonaviy o‘quv dasturlari asosida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Joriy yilning yanvar–iyun oylarida 3 575 nafar tinglovchining malakasi oshirildi.
Aholining diniy-ma’rifiy va huquqiy savodxonligini oshirish hamda internet tarmog‘ida tarqatilayotgan yot g‘oyalarga qarshi profilaktik ishlarni kuchaytirish maqsadida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish choralari ko‘rildi.
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda «Xavfsiz bot» axborot platformasi ishga tushirilib, fuqarolarga diniy sohaga oid ishonchli ma’lumotlarni tezkor yetkazish va profilaktik ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi zamonaviy raqamli mexanizm joriy etildi.
Hisobot davrida fuqarolarning muqaddas qadamjolarga ziyoratlarini munosib tashkil etish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda mazkur sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yanvar-iyun oylarida 15 000 nafar fuqarolar uchun “Haj” tadbirlari va yanvar-iyun oylarida 10 650 nafar fuqarolar uchun “Umra” tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi. Ilk bor 100 nafar fidoyi yurtdoshdarimiz “Prezident hojilari” sifatida haj amallarini bajardilar.
Ziyorat turizmini targ‘ib qilish doirasida 9 ta albom-prospekt, risola, broshyura va flayerlar chop etildi hamda ziyoratgoh, vazirlik va idoralarga tarqatildi.
Diniy-ma’rifiy sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘mita tomonidan xorijiy davlatlarning turdosh tashkilotlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalari kengaytirildi. Jumladan, 17 ta hamkorlikka oid Anglashuv memorandumlari imzolandi.
Xorijda vaqtincha yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar va u yerda ta’lim olayotan talabalar bilan diniy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish, turli xil yot g‘oyalar ta’siriga tushmaslik, yomon illatlarga berilmaslik masalalari yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish maqsadida 35 nafar malakali diniy soha xodimlarining AQSH, Kanada, Rossiya, J.Koreya va Yevropa davlatlariga xizmat safarlari tashkil etildi.
Diniy soha vakillari, islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning xorijiy davlatlarning turdosh tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 192 ta diniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtiroki ta’minlandi.
Bugungi kunda respublikada 199 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida ularning qonunchilik talablari asosida erkin faoliyat olib borishi uchun zarur tashkiliy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Noislomiy diniy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida 5 ta hududiy seminar tashkil qilinib, diniy-ma’rifiy sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Hisobot davrida noislomiy diniy tashkilotlarning 7 ta diniy bayramini uyushqoqlik bilan o‘tkazish ta’minlandi. Jumladan, Rojdestvo, Pesax, Pasxa, Buddaning tug‘ilgan kuni hamda boshqa diniy bayramlar keng nishonlanib, ular ommaviy axborot vositalari orqali yoritildi.
Shuningdek, turli konfessiyalar vakillarining 13 ta xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy hamda madaniy tadbirlarda ishtiroki ta’minlandi.
Hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar haqida aholini tezkor va xolis axborot bilan ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida soha vakillari tomonidan ommaviy axborot vositalarida 46 ming 750 marta chiqish amalga oshirildi.
Shuningdek, 5 ta brifing, 12 ta rasmiy bayonot, 15 ta rasmiy xabarnoma, 14 ta e’lon va 5 ta rasmiy munosabat e’lon qilindi.
Diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat 2026-yil 2-yarim yillikda ham reja asosida, tizimli ravishda amalga oshirilishi belgilangan.
E’tiboringiz uchun rahmat!
