Shushada Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning diniy masalalar bo‘yicha davlat organlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda
2026-06-30 17:20:00 / Yangiliklar

Ozarbayjon Respublikasining Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo mamlakatlarning diniy masalalar bo‘yicha davlat organlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev boshchiligidagi delegatsiya qatnashmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda 🇹🇷 Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, 🇹🇷 Turkiya Respublikasi Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, 🇰🇿 Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Rustam Ali hamda 🇰🇬 Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Diniy masalalar va millatlararo munosabatlar bo‘yicha milliy agentlik raisi Talantbek Tashibekov kabi diniy sohadagi vakolatli davlat organlari rahbarlari hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Ozarbayjon Respublikasi Diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Ramin Mammadov mehmonlarni turkiy dunyoning madaniy poytaxti hisoblangan Shusha shahrida qutlar ekan, mazkur uchrashuv Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida diniy masalalar bo‘yicha mas’ul davlat organlari o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va hamkorlikning yangi mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, u bugungi kunda radikalizm, ekstremizm, islomofobiya, diniy adovatni targ‘ib qiluvchi chaqiriqlar va mafkuraviy manipulyatsiyalar kabi zamonaviy tahdidlarga qarshi faqat o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar orqali samarali kurashish mumkinligini qayd etdi.
Shushada yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu muloqot platformasi diniy masalalar bo‘yicha davlat organlari o‘rtasida axborot va tajriba almashinuvini rivojlantirish, umumiy ma’naviy qadriyatlarni asrash hamda mafkuraviy xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar tomonidan turkiy davlatlar o‘rtasida diniy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish, yoshlarni sog‘lom ma’naviyat ruhida tarbiyalash hamda o'zaro tajriba almashuvini kengaytirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev o'z nutqida din va diniy ta’lim sohasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning tegishli idoralari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzish, diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Uchrashuv o'zaro birdamlikni mustahkamlash, radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlikni rivojlantirish, tajriba hamda axborot almashuvini kuchaytirish masalalari muhokamasi bilan davom etmoqda.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati








