“Umra” tadbirlarini noqonuniy tashkil etish yuzasidan RASMIY XABAR
2026-06-08 11:25:00 / Yangiliklar

"Haj-2026" mavsumi ham yakunlanmoqda. Tabiiyki, fuqarolarimiz orasida Umra ziyoratiga borish istagida bo‘lganlar soni ortadi.
Bunday vaziyatdan uddaburonlik bilan foydalanmoqchi bo‘lgan ayrim noqonuniy turfirmalar fuqarolarimizga “qulay” takliflarni va’da qilishadi.
Xabaringiz bor, “Umra” tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-oktabrdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi 668-son qarori asosida amalga oshiriladi.
Aziz yurtdoshlar! Shu o‘rinda eslatib o‘tamizki, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi "Haj-umra markazi" hamda rasmiy litsenziyaga ega 14 ta tadbirkorlik subyektlari vakolatli hisoblanadi.
Ular: “Ihlos travel 1”, “Yuksak travel Air”, “Muhtasham travel” MChJ, “Musaffo turizm xizmati”, “Risola travel lux”, “Xorazm umra jamiyati”, “Hikmat Umra Travel”, “Real Dreams”, “Travel with family”, “Sofa Marva tour”, “B2 Management”, “Safar time exclusive”, “Centrum holidays” hamda “Buxoro umra jamiyati”.
Qonunchilikka ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni litsenziyaga ega boʻlmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻrsatish taqiqlangan.
Shuningdek, fuqarolarni Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoni Podshohligiga umra vizasiz yuborish taqiqlanadi.
Biroq, bu borada hali ham odamlarni aldash, turli noqonuniy yo‘llar bilan bunday safarlarni tashkil etish holatlari uchramoqda.
Bu masalada qonun ustuvorligini va jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (82,4 mln. so‘m) etib belgilangan.
Shunday ekan, hurmatli yurtdoshlar! Umra safariga borishdan oldin har qanday “turfirma”ning Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan taqdim etilgan “Umra litsenziyasi” mavjudligini surishtirib olishingizni tavsiya qilamiz!
Noqonuniy “turfirma” yoki “turagent”lardan ogoh bo‘ling!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyoratchilarimizni “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishlarini tavsiya etadi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati
