“Haj – 2026” mavsumining so‘nggi guruh ziyoratchilari muqaddas safarga kuzatildi
2026-05-18 14:20:00 / Yangiliklar

Bugun, 18-may kuni “Haj – 2026” mavsumining so‘nggi guruh ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan muqaddas safarga kuzatildi.
Kuzatuv marosimida davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul vakillari, soha mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Muborak safar oldidan mavsumning yakuniy guruhlari, xususan, “Prezident hojisi” maqomiga sazovor bo‘lgan 100 nafar yurtdoshimizning quvonch va hayajoni qalblarni to‘lqinlantirdi. Ularni kuzatayotgan yaqinlari esa havas bilan shunday saodatli kunlar o‘zlariga ham nasib etishini so‘rashdi.
Bo‘lg‘usi hojilar ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun DavlatImiz Rahbari hamda tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirdi. Muqaddas zaminda Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqi uchun duoda bo‘lishlarini ta’kidlashdi.
Shunday qilib, “Haj – 2026” mavsumining so‘nggi guruhlari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga ko‘tarinki kayfiyatda jo‘nab ketdi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati






