Qurbon hayiti munosabati bilan amalga oshirilgan ishlar va tashkiliy tadbirlar yakunlari yuzasidan BRIFING
2026-06-01 18:35:00 / Brifing

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Joriy yilda Qurbon hayiti yurtimizda yuksak tashkiliy saviyada, milliy va diniy qadriyatlarimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitida keng nishonlandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyiliga asoslangan xalqchil islohotlar bayram tadbirlarini tashkil etish jarayonida ham o‘zining amaliy ifodasini topdi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi hamda “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlar bayramni yuqori saviyada o‘tkazish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va xayr-saxovat ishlarini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Mazkur qarorlar asosida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 690 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Xususan:
— 12 mingdan ortiq bemorlarning bepul davolanishi belgilandi. Og‘ir kasallik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va davolash, jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish uchun "vaucher"lar tarqatilmoqda;
— 7703 ta yetim va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ to‘liq o‘tkazib berildi;
— zamonaviy ko‘rinishda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladigan 500 ta masjid tahoratxonalari bo‘yicha loyiha-smeta ishlari boshlandi.
— 213 mingdan ziyod ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami to‘liq taqdim etildi.
Qurbon hayiti tadbirlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar mas’ullaridan iborat maxsus respublika shtabi tashkil etildi hamda barcha hududlarda muvofiqlashtirilgan holda ishlar amalga oshirildi.
Respublika bo‘yicha mavjud 2 160 ta masjidning 2 091 tasida Qurbon hayiti namozi ado etildi.
Hayit ma’ruzalarida mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar alohida ta’kidlanib, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun xayrli duolar qilindi.
Bayram kunlari jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida masjidlar va ommaviy tadbirlar o‘tkazilgan hududlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jalb etildi.
Qurbon hayiti arafasi va bayram kunlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli mehr-saxovat tadbirlari amalga oshirildi.
Qurbonlik tadbirlari doirasida respublika bo‘ylab ehtiyojmand aholiga jami 28 tonna 200 kilogramm qurbonlik go‘shti tarqatildi.
Bayram arafasida mamlakatimizdagi 1 468 ta muqaddas qadamjo va
10 563 ta qabristonda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan nuroniylar, mehnat faxriylari va ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar vakillaridan iborat 100 nafar fuqaromiz “Prezident hojilari” sifatida to‘liq davlat hisobidan muborak Haj safariga yuborildi.
Ayni vaqtda 15 ming nafardan ziyod o‘zbekistonlik ziyoratchilar muqaddas zaminlarda ibodat amallarini ado etib, ularning yurtimizga qaytishi tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ziyoratchilarimizni joriy yilning 2-iyunidan 19-iyun kuniga qadar Jidda shahridan Respublikamizning 10 ta hududidagi xalqaro aeroportlar orqali yurtimizga tashish ishlari amalga oshiriladi.
Qurbon hayiti tadbirlari hamda “Haj–2026” mavsumi ommaviy axborot vositalari, 46 ta rasmiy internet sayti va 1 082 ta ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali keng yoritildi. Ushbu media mahsulotlar yurtdoshlarimiz tomonidan iliq qarshi olinib, ijobiy fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
