O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: samarali hamkorlikning yangi bosqichi
2026-04-15 18:15:00 / Yangiliklar

Bugun, 15-aprel kuni, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi Saad Nosir Abu Haymed tashrif buyurdi.
Elchi Qo‘mita raisi S.Toshboyev tomonidan samimiy va iliq kutib olindi.
Uchrashuv avvalida, S.Toshboyev elchi Saad Nosir Abu Haymedni mamlakatimizdagi mas’uliyatli diplomatik faoliyatini boshlagani bilan chin dildan muborakbod etib, unga ushbu sharafli vazifada yuksak muvaffaqiyatlar tiladi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, mazmun-mohiyati jihatidan ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan hamkorlik uchun mustahkam asos yaratildi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qat’iyati tufayli izchil rivojlanib, oliy darajadagi muloqot va tashriflar natijasida o’zaro hamkorlik yangi pog‘onaga olib chiqilmoqda.
S.Toshboyev ta’kidlaganidek, Saudiya Arabistoni haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiya boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga bir necha bor amalga oshirgan tashriflari davomida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, ular uchun yanada qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratish masalalari atroflicha muhokama qilingani haj va umra tadbirlarini samarali tashkil etish masalalari doimiy e’tibor markazida ekanini tasdiqlaydi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligining Toshkent shahridagi elchixonasi bilan haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish borasida yaqin va samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, elchi Saad Nosir Abu Haymed O‘zbekiston bilan diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ayniqsa, haj va umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash hamda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, u ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlarni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shishga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi.
Uchrashuv ochiq, samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati







