O‘zbekiston va Misr: diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikning yangi bosqichi
2026-04-09 13:05:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda O'zbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi bo'lib o'tmoqda.
Kuni kecha, delegatsiya a'zolari ishtirokida Misr Bosh imomi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov va soha mas’ul xodimlari, shuningdek “Al-Azhar” katta olimlar kengashi a’zosi Hasan Mahmud Shofe’iy va O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansur Qilichev ishtirok etdi.
Muloqotda Shayx Ahmad Toyyib O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, O‘zbekistondagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikda “Al-Azhar” tarkibida Imom Buxoriy markazini tashkil etish va buyuk ajdodlarimiz merosini birgalikda tadqiq etishga tayyorligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan samimiy qabul uchun tashakkur bildirilib, mazkur uchrashuv yangi imkoniyatlar eshigini ochishini hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tuzilgani ayni muddao ekani ta’kidlandi.
Mazkur safar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Vaqf vaziri, professor Usoma Sayyid Azhariy bilan ham uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi asriy tarixiy va ma’naviy rishtalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda vaqf mulklarini boshqarish, ijtimoiy himoya tizimlarini rivojlantirish va ekstremizmga qarshi ma’rifiy kurashish borasida o‘zaro tajriba almashildi.
Muloqotlar yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish va keng qamrovli hamkorlik memorandumini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Uchrashuvlar do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati









