Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xotin-qizlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha targʻibot guruhi aʼzolarining respublika xotin-qizlariga MUROJAATI
2024-05-23 17:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Oʻzbekiston jahon miqyosida oʻz oʻrniga ega boʻlib, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy jihatdan tobora rivojlanayotgan jannatmakon vatandir.
Ammo taraqqiyotimizni, tinchligimizni koʻrolmayotgan, millatlararo totuvligimizga rahna solmoqchi boʻlayotgan gʻaraz niyatlilar bor ekan, bir lahza boʻlsa-da, loqayd boʻlishga haqqimiz yoʻq.
Ne baxtki, Yangi Oʻzbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini qurishda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy samarasini bermoqda. Buni nafaqat xalqimiz, balki butun jahon eʼtirof etmoqda.
Umuminsoniy bunyodkor islohotlar natijasida erishilgan eng buyuk neʼmat, shubhasiz, tinchlikdir. Uni asrab-avaylash, ezgu qadriyat sifatida kelajak avlodga yetkazishda mamlakatimizdagi barcha millat va elatlar birdek masʼul hisoblanadi.
Zero, biz bir-biriga chirmashib oʻsayotgan, har qanday shamollarni qaytara oladigan mustahkam chinorlarmiz.
Ammo har qanday chinorlar boshidan beshafqat boʻronlar oʻtadi. Bu boʻronlarda Vatan poyida bizni bilim, aql-idroklilik, doʻstu birodarlik bilan birlashishimiz qutqaradi.
Shuning uchun, bir necha yillardan buyon tashkil etilgan jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi targʻibot guruhlarining viloyat, tuman, shahar va barcha mahallalarida xotin-qizlar oʻrtasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish boʻyicha “xonadonbay”, “mahallabay” targʻibot tadbirlari, psixologik seminar-trening mashgʻulotlari olib borilmoqda.
Qadrli ilm-fan sohibalari, bogʻcha, maktab va oliygohlar oʻqituvchilari-murabbiylari!
Prezidentimizning yurtimiz ayollariga qilgan murojaatiga koʻra: “Aziz opa-singillar, oilada farzand tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytiraylik, bogʻcha, maktab va oliygohlarga kirib boraylik.
Bolalarimizni bilimli va aqlli, oqni qoradan ajrata oladigan, el-yurtimizga sodiq, hayoli va iboli, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalash uchun barchamiz birgalikda harakat qilaylik”.
Bugun xotin-qizlarni bilimli, ilm-maʼrifatli, kasb-hunarli – jamiyatning ilgʻor fuqarosi qilib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Bu borada “Hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi” tamoyili asosida gender tenglikning takomillashib borayotgani, xalqaro miqyosda ilm-maʼrifatli xotin-qizlarimiz eʼtirof etilayotgani, iqtidorli yoshlar uchun maxsus maktablar, milliy vatanparvarlik sinflarining tashkil etilayotgani ayni haqiqatdir. Shu orqali yoshlar diniy ekstremizm, xalqaro terrorizm, aqidaparastlik, missionerlik, odam savdosi, giyohvandlik illatlaridan himoya qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyilgan Oʻzbekiston ijtimoiy davlat tamoyiliga binoan yurtimizda xotin-qizlar bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu yil muxtaram Yurtboshimizning 8-mart – xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi “Yangi Oʻzbekistonda butun xalqimiz qatori xotin-qizlar uchun ham munosib sharoitlarni yaratib berish eng muhim vazifamiz boʻlib qoladi” nomli nutqida ham xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish alohida belgilandi.
Ushbu maqsadda har bir hududda xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha yangicha yondashuv tizimi asosida ish boshlab yuborildi. 2025-yilning 8-mart kuniga qadar 580 ming nafar xotin-qizga 15 trillion soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Hurmatli targʻibotchilar, oqila ayollar, otinoyilar, hojionalar, nuroniy buvijonlar!
Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek: “Albatta qizlarimizni asrab-avaylash, ularga toʻgʻri tarbiya berish, mustaqil hayotga tayyorlash, xalqimizga munosib farzandlar etib kamolga yetkazish uchun davlat va jamiyat oʻz zimmasidagi barcha ishlarni bajaradi. Lekin bu oʻta muhim vazifani ado etishda oilaning, mehribon buvilarimiz, munis onalarimiz, mahalladagi kayvoni ayollarning oʻrni va taʼsirini hech kim bosa olmaydi”.
Shuning uchun oilada milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida yosh avlodni tinchlikdek ulugʻ neʼmatni qadrlashga oʻrgatmogʻimiz kerak.
Zero, keng koʻlamli islohatlar faqat va faqat tinchlikda amalga oshadi.
Yangi Oʻzbekistonning yangi qahramonlari ulgʻayayotgan beshiklar yoniga chirkin niyatli, qora sharpalar oʻrmalashiga yoʻl qoʻymaylik!
Keyingi yillarda mamlakatimizda “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik, vatanparvarlik, insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va doʻstlik kabi oliy maqsadlarni targʻib etish bugungi kunning eng dolzarb masalalardan biri boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenlik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini kiritdi. Bu hujjatning asosiy maqsadi barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat. Ushbu rezolyutsiya bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashishga qaratilgan.
Yana bir muhim jihati mamlakatimizda birinchi bor “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni taʼsis etilib, davlat va jamoat tashkilotlarining 160 nafardan ortiq vakillari mukofotlandi.
Mamlakatimizda diniy erkinlik tamoyili asosida maʼrifiy islom qadriyatlarini yoshlarga toʻgʻri tushuntirish maqsadida dunyoviy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda madrasalar, ilmiy-maʼrifiy markazlar tashkil etilib, Toshkent shahrida koʻp asrli maʼrifat xazinasini oʻzida mujassam etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda.
Bugun “Yangi Oʻzbekiston”da diniy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlarga javoban olimalar, ziyoli qatlamlari qanday faoliyatni amalga oshirishlari zarur?
Birinchidan, shu jarayonga ilmiy-nazariy, amaliy va metodik jihatdan tayyorlanishimiz zarur. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlaganidek: “Butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi”.
Sharq donishmandlari aytganidek, eng katta boylik aql-zakovat va ilm, eng katta meros yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik esa bilimsizlikdir!
Ikkinchidan, davlatimiz Rahbari taʼbiri bilan aytganda, bugungi kunda eng katta balo – kambagʻallik, ishsizlik, adolatsizlik. Ularni bartaraf etish maqsadida tinchlikni mustahkamlash, ijtimoiy faol boʻlish, ogoh va hushyor boʻlish zarur.
Uchinchidan, jamiyat hayotida oilaning, xotin-qizlarning rolini oshirish, yosh qizlarning tarbiyasi, ularni oilaviy hayotga tayyorlash masalasiga izchil yondashuv zarur.
Toʻrtinchidan, oilada ayollar, onalik va bolalik huquqini taʼminlash, noqonuniy nikohlarga barham berish, bu masalalarda azaliy qadriyatlarimizga qatʼiy amal qilish boʻyicha tizimli targʻibot tadbirlarini tashkil qilish davr talabidir.
Muhtarama onaxonlar, munis opa-singillar, oqila ayollarimiz!
Ushbu murojaatimiz millionlab vijdon qoʻngʻiroqlarining sadosi oʻlaroq yangrab barcha-barchani hushyorlik, uygʻoqlik va Yangi Oʻzbekistonning nurli ertasi uchun maʼnaviy safarbarlikka chorlovi boʻlsin.
Zero, vatanparvarlik onalarning qalbidan boshlanadi.
