2025-yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan BRIFING
2026-01-07 16:20:00 / Brifing

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida, jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2025-yil mobaynida diniy-ma’rifiy sohada salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Diniy-ma’rifiy sohaga oid 14 ta (2 ta Qonun, 2 ta Prezident Farmoni, 5 ta Prezident qarori, 4 ta Vazirlar Mahkamasining qarori va 1 ta idoraviy) normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va ularni ishlab chiqishda asosiy e’tibor fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlashga qaratildi.
Hisobot davrida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” hamda “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha respublika bo‘ylab keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Shuningdek, Konsepsiya va Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan sodda va xalqchil shaklda media kontentlar: 1 215 ta info-xabar, 22 ta maqola-munosabat, 18 ta infografika, 8 ta intervyu-munosabat, 7 ta videorolik 4 ta videopodkast, 2 ta ko‘rsatuv va 3 ta audiopodkast tayyorlanib, Internet tarmoqlarida e’lon qilindi.
Shu bilan birga, xalqaro darajadagi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, 29-30-aprel kunlari Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida, 10-13-sentyabr kunlari Toshkent va Samarqandda “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro Forumi, 15-noyabr kuni Toshkent shaharida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusidagi xalqaro tadbirlar yuqori saviyada tashkil etildi.
Mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.
Respublika miqyosida aholining turli qatlamlari orasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu g‘oyasi asosida 70 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, ularda 3 mln. ga yaqin aholi qamrab olindi.
Xususan, 711 782 nafar davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari, 121 383 nafar xususiy ishlab chiqarish korxonalarining rahbar va xodimlari, 73 607 nafar tadbirkorlar, ishchi-xizmatchilar, 30865 nafar harbiylar va ularning oila a’zolari, 9 150 nafar mahkumlar bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Mahallalarda 596 694 nafar aholi bilan ochiq muloqot shaklida suhbatlar tashkil etildi.
Xotin-qizlar o‘rtasida zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshi 13 606 ta tadbir tashkil etilib, ularda 108 840 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi.
17-18-iyul kunlari Jizzax viloyatida hamda 20-21-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida Respublika “Targ‘ibotchilar” forumi o‘tkazildi.
Tizim tashkilotlari bilan hamkorlikda mutaassiblik, radikal g‘oyalar va ekstremizm ruhidagi axborotlarga qarshi 3 411 ta raddiya mazmunidagi materiallar tayyorlanib, tarqatildi.
Diniy-ma’rifiy resurslar orqali 170 mingdan ortiq material internet tarmoqlari orqali tarqatildi. Shuningdek, xorijdagi yetuk ulamolar va nufuzli islomshunos olimlar, ilmiy salohiyati yuksak ulamolarning 130 dan ortiq raddiya va sharhlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, tarmoqlarga joylandi.
Respublikadagi nashriyotlar va turli tashkilotlar tomonidan diniy-ma’rifiy mazmundagi 1 100 ga yaqin nomlanishdagi adabiyotlarni chop etish bo‘yicha murojaatlar yuzasidan ijobiy ekspertlik xulosalari tayyorlanib, ularning nashr etilishiga ruhsat berildi. Shuningdek, dinshunoslik ekspertizasi faoliyatini yanada takomillashtirish, ish jarayonlarini optimallashtirish, xodimlar vaqtini samarali taqsimlash maqsadida ekspertiza tadqiqotlari jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilindi.
Diniy-ma’rifiy resurslarda yangi media-loyihalar amalga oshirildi. Xususan, xorijdagi vatandoshlar uchun Fatvo markazi huzurida “Koll-markaz” xizmati tashkil etildi. U orqali diniy savollariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mutaxassislardan javob olish tizimi yaratildi. Shuningdek, “Onlayn savol-javob” loyihasi tashkil etilib, unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir orqali real vaqtda savol berish va javob olish imkoniyati yaratildi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 2 148 ta masjid faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida 3 ta yangi masjid ro‘yxatdan o‘tdi, 43 ta masjidda tubdan qayta qurish hamda 15 ta masjidda ta’mirlash ishlari yakunlandi.
Ramazon va Qurbon hayiti tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.
Barcha diniy ta’lim muassasalarining o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy yo‘nalishlari tubdan qayta ko‘rib chiqildi. O‘quv dasturlari takomillashtirilib, 10 ga yaqin yangi fanlar kiritildi. Mutaxassislik fanlari bo‘yicha yangi avlod darsliklari tayyorlandi.
Qo‘mita huzuridagi Malaka oshirish instituti va uning filiallarida 1 729 nafar davlat va jamoat tashkilotlari rahbar-xodimlarining malakasi oshirildi.
Ayni paytda respublikamizda 199 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda Navoiy viloyatida 1 ta yangi diniy tashkilot – Rim-katolik cherkovi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF–68-son Farmoni asosida Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida mahalliy Konfessiyalar ishlari kengashlari tashkil etildi va ularning jami 7 ta yig‘ilishi o‘tkazildi.
Hisobot davrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda tizim tashkilotlari vakillari, o‘zbekistonlik islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning 439 ta diniy-ma’rifiy sohaga oid xalqaro tadbirlardagi ishtiroki ta’minlandi.
Qo‘mita rahbariyatining xorijiy hamkorlar bilan 15 ta uchrashuvi tashkil qilindi.
Misr Arab Respublikasining “Al-Azhar” majmuasi, Qatarning Doxa dinlararo muloqot xalqaro markazi, Iordaniyaning Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vazirligi bilan hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi.
Xorijda vaqtincha yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar va u yerda ta’lim olayotan talabalar bilan diniy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish, turli xil yot g‘oyalar ta’siriga tushmaslik, yomon illatlarga berilmaslik masalalari yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish maqsadida 32 nafar malakali diniy-ma’rifiy soha xodimlarining AQSh, Rossiya va Janubiy Koreya davlatlariga xizmat safarlari tashkil etildi.
2025-yilgi Haj mavsumi va Umra ziyorati yuqori saviyada tashkil etildi. Xususan, 15 000 nafar ziyoratchi Haj amalini bajardi.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsadida “Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi.
Ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida 845 mingdan ziyod xorijiy hamda ichki turizm yo‘nalishida 2 mln 900 mingdan ziyod mahalliy ziyoratchilarning qadamjolarga tashriflari amalga oshirildi.
Ziyorat turizmini targ‘ib qilish doirasida 39 ta albom-prospekt, kitob, risola, broshyura va flaerlar chop etildi hamda ziyoratgoh, vazirlik va idoralarga tarqatildi.
“Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat turg‘ibotchilari” shiori ostida 11 058 nafar hoji ishtirokida 29 125 ta xonadon holidan xabar olinib, mahalla raislari, imom-xatiblar bilan birgalikda suhbatlar tashkil etildi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan 1 321 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 1 304 tasi hal etilgan va 17 tasi bo‘yicha o‘rganish jarayoni davom etmoqda.
edo.ijro.uz tizimida jami 268 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni, qarori, farmoyishi, bayoni va boshqa qonunchilik hujjatlarida Din ishlari qo‘mitasi asosiy /teng kuchli/ ijrochi va hamijrochi etib belgilangan jami 1 084 ta topshiriqdan 950 tasi bajarildi.
Ulardan 2025-yilning yanvar-dekabr oylariga ijroga belgilangan 456 ta topshiriqning barchasi muddatdan avval yoki o‘z muddatlarida bajariladi.
Hisobot davrida 3 ta brifing, 1 ta matbuot anjumani, 12 ta rasmiy bayonot, 15 ta rasmiy xabarnoma, 14 ta e’lon va 7 ta rasmiy munosabat e’lon qilindi.
Diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat 2026-yilda ham reja asosida, tizimli ravishda amalga oshirilishi belgilangan
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati
