Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar O‘zbek dehqonlari nomini yanada yuksaklarga ko‘tarish imkonini yaratmoqda
2025-08-18 15:45:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimligida Qashqadaryo viloyati fermerlari Kengashining “Fermer xo‘jaliklarida ko‘p tarmoqli faoliyatini rivojlantirish muammolari va vazifalari” mavzusidagi amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya davomida viloyat hokimi Murotjon Azimov va O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi Aktam Xaitovlar vohamiz fermerlariga murojaat qildi. Murojaatni viloyat, tuman va shahar studiyalaridan barcha fermerlar tinglab, tegishli xulosa hamda takliflarni olishdi.
Murotjon Azimov:
➡️ Bugungi kunda butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi va murakkab geosiyosiy vaziyat sharoitida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish oldimizda turgan eng asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
➡️ Muhtaram Prezidentimiz tomonidan barcha sohalardagi kabi qishloq xo‘jaligida ham keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berilgan. Yerlarni o‘zlashtirish, dala chetidan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish, bog‘-tokzorlar barpo qilish, nasoslarga quyosh panel o‘rnatish, texnikalar sotib olish, chorvachilikdagi imtiyozlar fermerlar uchun katta imkoniyat bo‘ldi.
➡️ Paxtada ham bu yil oldimizda ulkan vazifa turibdi, katta marra olganmiz, gektaridan 45 sentnerdan hosil olishimiz kerak. Barcha sohalarda bo‘lgani kabi paxtachilikda ham yetishtirilgan hosil raqamlashtirilib, onlayn hisob-kitob yo‘lga qo‘yildi.
➡️ Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tgan haftada o‘tkazilgan yig‘ilishda bu yil yetishtirilib, platformadan o‘tkazilgan 1 tonna paxta uchun 1 mln.so‘mdan subsidiya ajratilishini ma’lum qildi. Berilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, mehnat qilgan fermerlar mo‘l hosil va yuqori daromad kutmoqda.
Murojaatni "Qashqadaryo" telekanalining kechki "Axborot" dasturlarida to‘liq tomosha qiling.
Konferensiyada hudud fermerlarini mavjud muammolari va takliflar o‘rganilib, fermer xo‘jaliklari faoliyatini kelgusida yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
So‘ngra, qishloq xo‘jaligi faoliyatida tinmay mehnat qilib kelayotgan eng ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlarining 6 nafariga "Ilg‘or fermer" ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, bir qator faol fermerlarga sihatgohlarda dam olishlari uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.









