Soliq xizmati organi tashkil etilganiga 34 yil to‘lishi munosabati bilan tadbir tashkil etildi
2025-08-09 10:05:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining, shuningdek 12-avgust — Soliq xizmati organi tashkil etilganiga 34 yil to‘lishi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi Murodjon Azimov ishtirok etib, soliq tizimida uzoq yillar mehnat qilgan nuroniylar va soliq boshqarmasi xodimlarini soliq tizimini tashkil etilganligini va davlatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tabriklab, viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirladi.
Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Eshmatov o‘z so‘zida quyidagilarni keltirib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, 1991-yil 12-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida Davlat soliq bosh boshqarmasi tashkil etildi. 1994-yil 18-yanvarda Prezident Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga aylantirildi.
Shuningdek, o‘tgan yillar davomida soliq tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlar, sohaga umrini baxshida qilgan insonlar, rahbarlarning nomlari qayd etib o‘tildi.
Tadbirda viloyat hokimi Murodjon Azimov so‘zga chiqib, bugun viloyatimiz iqtisodiy rivojlanishida soliq xizmati xodimlarining o‘rni beqiyosligini alohida ta’kidladi.
Masalan, o‘tgan yili davlat budjetiga tushumlar 4 268,9 mlrd.so‘mni tashkil etib, belgilangan reja oshig‘i bilan bajarilgan bo‘lsa, bu yil 7 oyda budjet tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 122,3 foizga ko‘p tushirildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, soliqlarning ancha qismi mahalliy budjetga yo‘naltirilib, bu mablag‘lar shahar va qishloqlarimizni, mahallalarni yanada obodonlashtirishga sarflanmoqda. Shu nuqtai nazardan joriy yil 1-yarim yilida mahalliy budjetga 130 mlrd. so‘m rejaga nisbatan qo‘shimcha mablag‘lar tushurilib, o‘tgan yilga nisbatan 347,6 foizga (3,5 barobarga) oshdi.
Shuningdek, viloyat soliq xizmati organlarida ishlab kelayotgan, hamda tizimda uzoq yillar mehnat qilib, bugungi kunda nafaqa gashtini surayotgan soha fidoiylariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.



