Murotjon Azimov kecha yana bir qator uchrashuv va muhim yig‘ilishlar o‘tkazdi
2026-10-30 10:10:00 / Yangiliklar

Kun davomida qator obyektlarda o‘rganishlar olib borgan, tadbirkorlar qabuli va qator taqdimotlar bilan tanishgan Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov kechki payt “Indorama” kompaniyasining ijtimoiy ko‘mak masalalari bo‘yicha vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida kompaniyaning hududdagi faoliyati, ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, viloyat hokimi rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazishga tayyorgarlik, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hududga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini yuqori saviyada tashkil etish, belgilangan hududlarda ko‘chat ekish, ularni parvarishlash va yashil maydonlarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokama qilingan har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilanib, ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.





