Viloyat hokimi Murotjon Azimovning 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami va o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan vohamiz ahliga tabrigi
2026-10-20 17:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Barchangizni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami hamda ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi bilan chin dildan tabriklayman!
O‘zligimiz ramziga aylangan bu bayram munosabati bilan ezgu tilaklarimni izhor etaman!
Bizning millat sifatidagi eng asosiy timsolimiz – ona tilimizdir. Bejizga uni millatning ruhi sifatida ta’riflashmagan. Xalqning sha’ni, g‘ururi, or-nomusi, vijdoni, qadriyati, tarixi, kelajagi ona tili bilan chambarchas bog‘liq.
Muhtaram Prezidentimiz qayd etganlaridek: “tom ma’nodagi tarixiy islohotlarimiz tufayli o‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Bu borada qabul qilingan farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik”.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7-avgustdagi qarori bilan rahbarlarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilarining asosiy vazifalari belgilab qo‘yildi.
Sun’iy intellekt yordamida o‘zbek tilidagi matnlarni ovozli nutqqa, nutqlarni matnga aylantiradigan, o‘zbek tilidan xorijiy tillarga, xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qiladigan, video va fotosuratlardagi matnlarni o‘qib-o‘girishga xizmat qiladigan maxsus platforma yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi.
Viloyatimizda ona tilimizning qadrini yuksaltirish yo‘lida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hokimliklarda faoliyat yuritayotgan davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar, olimlar, ziyolilar, jamoatchilik vakillari sa’y-harakati bilan geografik obyektlar nomlarini davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirish izchil davom ettirilmoqda.
Minglab geografik obyektlar, xususan, mahallalar, aholi punktlari, ko‘chalar, ziyoratgohlar, istirohat bog‘lari, tog‘ va cho‘qqilar, daryo, ko‘l, suv omborlari, foydali qazilma konlari, temiryo‘l vokzali va stansiyalari, aeroport va avtostansiyalar nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi viloyat, shahar va tuman komissiyalari tomonidan geografik obyektlar aholi takliflari, xohish va istaklari asosida, qadriyatlarimizga mos tarzda nomlanmoqda. Unutilib borayotgan tarixiy nomlar bosqichma-bosqich tiklanmoqda.
Tashqi yozuvlar davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun talablariga muvofiqlashtirilyapti. Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tizimi yaratildi.
Hayotimizga keng miqyosda kirib kelayotgan yangi tushuncha va atamalarni tilimizga aniq qoida va tamoyillarga binoan qabul qilish, til siyosatini ilmiy asosda, markazlashgan holda yuritish maqsadida Atamalar komissiyasi faoliyati kuchaytirildi.
Qashqadaryolik tilshunos, matnshunos va adabiyotshunos olimlar xalqaro ilmiy anjumanlarda o‘z ma’ruzalari bilan qatnashayotgani, tilimiz rivojiga xizmat qiladigan nufuzli anjumanlarning vohamizda ham tashkil etilayotganligi, bu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar sonining oshganligi bizni juda quvontiradi.
Korxona, tashkilot va muassasalarda yuritilayotgan ish hujjatlarining davlat tili borasidagi qonun hujjatlariga muvofiq va yangi o‘zbek alifbosida bo‘lishiga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Qashqadaryo hududiy bo‘linmasi tomonidan o‘zbek adabiy tili me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha o‘quvlar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Korxona, tashkilot va muassasalarda “Savodxon tashkilot – savodli jamiyat” shiori ostida ommaviy diktant tadbirlari o‘tkazilmoqda.
“Raqamli hukumat” tizimining rivojlanayotgani, alifbomizga kiritilayotgan yangi o‘zgartirishlar bu yo‘nalishlardagi tadbirlarimiz ko‘lamini yanada kengaytirishni talab etadi.
Davlatimiz rahbari o‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi zarurligi bo‘yicha alohida vazifa belgilab berganlar.
Bu vazifani ado etish Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etish yo‘lidagi orzularimiz ro‘yobiga xizmat qiladi.
Qadrli do‘stlar!
Ona tili jonkuyarlari deganda eng avvalo ko‘z o‘ngimizga fidoyi o‘qituvchilar, olimlar, jurnalist va blogerlar, yozuvchi, shoir va noshirlar, tarjimonlar, madaniyat va san’at ahli, ma’naviyat targ‘ibotchilari keladi.
Lekin o‘zini shu yurt farzandi deb hisoblagan, o‘z taqdirini uning kelajagi bilan bog‘lagan har bir vatandoshimiz tilimiz ravnaqiga, uning nufuzini oshirishga o‘z hissasini qo‘shmog‘i, bu ishni o‘z burchi deb bilmog‘i zarur.
“Har kimning qadr-qimmati uning so‘zidan bilinadi”, – deb yozgan edi buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy.
Demak, so‘z va tilni qadrlash inson qadri degan tushuncha bilan bog‘liq.
Mana shu ulug‘vor burchni sharaf bilan ado etish yo‘lida barchangizga muvaffaqiyat tilaymiz!
O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin, azizlar!
