Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: umumiy maqsadlar sari
2026-10-09 15:10:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda siyosiy muhit sezilarli darajada o‘zgardi. Davlatlar o‘rtasida ochiq muloqot va o‘zaro ishonch kuchaydi, umumiy muammolarni birgalikda hal etishga intilish yangi bosqichga ko‘tarildi. Natijada mintaqa umumiy manfaatlar va amaliy hamkorlik ustuvor bo‘lgan makonga aylanmoqda.
Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida turgan vazifalar ham avvalgidan keng. Xavfsizlik, transport, savdo, energetika, suv, ekologiya, raqamli texnologiyalar va inson kapitali kabi yo‘nalishlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois ularni har bir davlatning alohida sa’y-harakatlari bilan emas, balki umumiy yondashuv va qo‘shma loyihalar asosida hal etish ehtiyoji tobora kuchaymoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlari ham belgilab berildi.
Hamkorlikni mustahkamlaydigan yangi siyosiy asos
Bugungi Markaziy Osiyo o‘n yil avvalgi mintaqa emas. Davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashdi, chegaralar, transport, savdo-iqtisodiy aloqalar va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro anglashuv kuchaydi. Bu jarayon mintaqaning xalqaro maydondagi mavqeiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish jarayonining yakunlanishi ham munosabatlarni siyosiy jihatdan mustahkamlashda muhim qadamdir.
Shu nuqtayi nazardan, Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish taklifi alohida ahamiyatga ega. Chunki siyosiy ishonchni barqaror hamkorlikka aylantirish uchun uning institutsional asoslari ham mustahkam bo‘lishi kerak.
Savdodan kooperatsiyaga: iqtisodiy hamkorlikning yangi modeli
Nutqda iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish muhim, ammo buning o‘zi yetarli emas. Asosiy vazifa — mamlakatlarning iqtisodiy imkoniyatlarini birlashtirib, yangi qiymat zanjirlarini yaratish.
Shu ma’noda «Olti iqtisodiyot — bitta mahsulot» formulasi e’tiborga molik. U oddiy tovar ayirboshlashdan mintaqaviy ishlab chiqarish kooperatsiyasiga o‘tishni anglatadi.
Bunda har bir mamlakat o‘zining ustun jihatlarini — xom ashyo, mehnat resurslari, texnologiya, kapital, logistika yoki bozor imkoniyatlarini umumiy ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shishi mumkin. Natijada xom ashyoni eksport qilish bilan cheklanmay, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati kengayadi.
Eng muhimi, bunday yondashuv mintaqani faqat tovarlar harakati hududi emas, balki ishlab chiqarish, investitsiya va innovatsiyalar birlashgan yagona iqtisodiy makonga aylantirish imkonini beradi.
Geografiyani strategik ustunlikka aylantirish
Markaziy Osiyoning geografik joylashuvi azaldan muhim strategik omil bo‘lib kelgan. Bugun esa bu omil yangi mazmun kasb etmoqda. Mintaqa Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi savdo yo‘nalishlarida muhim bo‘g‘inga aylanishi mumkin.
Biroq buning uchun transport yo‘laklarini rivojlantirishning o‘zi kifoya emas. Transport tarmoqlari energetika, raqamli infratuzilma, ishlab chiqarish va zamonaviy logistika tizimlari bilan birgalikda rivojlanishi zarur.
Shu nuqtayi nazardan, Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengash tuzish va uning birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday mexanizm mintaqaviy infratuzilma loyihalarini muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirishda samarali vosita bo‘lishi mumkin.
Energetika va suv - xavfsizlik masalasi
Mintaqaviy taraqqiyotning barqarorligi energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanishga bevosita bog‘liq.
Shu bois kam uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiya ishlab chiqish tashabbusi strategik ahamiyatga ega. Yangi energetika quvvatlarini barpo etish, energiyani saqlash texnologiyalarini rivojlantirish va energetika yo‘laklarini shakllantirishdagi hamkorlik mamlakatlarning energetik barqarorligini kuchaytiradi.
Suv masalasi esa yanada kengroq ahamiyatga ega. U nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va xavfsizlik masalasidir. Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish barqaror taraqqiyotning muhim sharti hisoblanadi.
Shu ma’noda suvdan foydalanish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar o‘n yilligini to‘liq amalga oshirish hamda Afg‘oniston bilan suv masalalari bo‘yicha doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilayotgan e’tibor mintaqa muammolariga kompleks yondashuv zarurligini ko‘rsatadi.
Suv endi bir davlatning ichki masalasi sifatida emas, balki butun mintaqa barqarorligiga ta’sir qiladigan umumiy manfaat sifatida qaralmoqda.
Orolbo‘yi - umumiy mas’uliyat
Orol fojiasi ekologik muammolar davlat chegaralarini tan olmasligining eng yaqqol misolidir. Shuning uchun Orolbo‘yi muammosi mintaqaviy hamkorlikning doimiy kun tartibida qolishi tabiiy.
O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasidagi raisligi davridan ekologik loyihalarni kengaytirish, yangi moliyaviy resurslarni jalb etish va Jamg‘arma faoliyati samaradorligini oshirish uchun foydalanish niyati ekologik masalalarga amaliy yondashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bu yerda asosiy vazifa faqat mavjud oqibatlarni bartaraf etish emas. Ekologik xavflarning oldini olish, ilmiy va texnologik imkoniyatlarni birlashtirish hamda barqaror moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish muhim.
Muhim minerallar: xom ashyodan yuqori qiymatga
Jahon iqtisodiyotida texnologik o‘zgarishlar tezlashar ekan, muhim minerallarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining bu sohadagi imkoniyatlarini birlashtirish mintaqani yangi iqtisodiy imkoniyatlar bilan ta’minlashi mumkin.
Muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish taklifi bu borada amaliy qadam bo‘la oladi. Aniq resurs bazasi qo‘shma tadqiqotlar, investitsiya loyihalari va qayta ishlash sanoatini rivojlantirish uchun zarur axborot asosini yaratadi.
Shunday qilib, mintaqa faqat xom ashyo yetkazib beruvchi hudud emas, balki resurslarni qayta ishlaydigan va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan iqtisodiy makonga aylanish imkoniyatiga ega.
Raqamli taraqqiyot va inson kapitali
Zamonaviy iqtisodiyotda texnologiya va inson kapitali hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish tashabbusi sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar, raqamli xizmatlar va ilmiy tadqiqotlar uchun mintaqaviy texnologik imkoniyatlarni kengaytirishi mumkin.
Ammo texnologiyaning o‘zi yetarli emas. Uni yaratadigan, boshqaradigan va iqtisodiy natijaga aylantiradigan mutaxassislar kerak.
Shu nuqtayi nazardan, talab yuqori bo‘lgan kasb va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish muhim. Bunday atlas mehnat bozorining nafaqat bugungi, balki kelgusi ehtiyojlarini ham aniqlashga yordam beradi.
Bu esa ta’lim, kasb-hunar tayyorgarligi va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytiradi. Eng muhimi, yoshlarni kelajakda talab yuqori bo‘ladigan kasblarga tayyorlash uchun aniq yo‘nalish paydo bo‘ladi.
Barcha yo‘llar inson farovonligiga olib borishi kerak
Prezident nutqida ilgari surilgan tashabbuslarning barchasini birlashtirib turadigan asosiy g‘oya - mintaqaviy hamkorlik, avvalo, inson manfaatiga xizmat qilishi kerak. Transport yo‘laklari, energetika quvvatlari, suv resurslari, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar yoki qo‘shma investitsiya loyihalarining asosiy vazifasi yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, ta’lim va texnologiyalarga kirishni osonlashtirishdir.
«Taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch» tamoyili Markaziy Osiyo va Ozarbayjon hamkorligining yangi bosqichini ifodalovchi muhim qadamdir. Endi asosiy vazifa erishilgan siyosiy ishonchni uzoq muddatli amaliy natijalarga aylantirishdir. Buning uchun siyosiy muloqot institutsional mexanizmlar bilan, iqtisodiy manfaatlar qo‘shma loyihalar bilan, geografik imkoniyatlar zamonaviy infratuzilma bilan, tabiiy resurslar innovatsiya va texnologiyalar bilan, inson kapitali esa sifatli ta’lim va zamonaviy mehnat bozori bilan uyg‘unlashishi lozim.
Shu ma’noda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon hamkorligining yangi bosqichi oddiy diplomatik muloqot doirasidan ancha keng. Bu - umumiy iqtisodiy makon, barqaror xavfsizlik muhiti va inson uchun munosib hayot sharoitlarini shakllantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategik jarayondir.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati
hududiy bo‘linmasi rahbari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
