Qashqadaryoda ulkan loyiha doirasida Gollandiyaning yuqori sifatli kartoshka urug‘larini ekish ishlariga start berildi
2026-09-06 19:05:00 / Yangiliklar

Xabar berganimizdek, bugun viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi rahbarlar va vohamizning mehnat faxriylari ishtirokida Nishon tumanining Turkmaniston bilan chegaradosh olis hududida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda sifatli urug‘lik kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan ulkan loyihaning navbatdagi bosqichi, ya'ni “Bulung’ur – AgroStar” MCHJ va mahalliy tadbirkor hamkorligida 400 gektar maydonda Gollandiyadan keltirilgan yuqori sifatli elita avlodli kartoshka urug’larini ekish ishlariga start berildi.
Tadbir avvalida so'zga chiqqan viloyat rahbari mazkur loyiha avvalo Prezidentimizning tadbirkorlarga yaratib berayotgan imkoniyatlarining natijasi ekanligini ta'kidlab, davlatimiz rahbarining topshiriqlariga ko'ra, Qashqadaryo viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qilishini aytib, xalqimiz dasturxonining yanada to'kin bo'lishida katta ahamiyat kasb etishini bildirib o'tdi.
Shundan so'ng, loyihani amalga oshirilishida jonbozlik ko'rsatib kelayotgan bir qator soha xodimlari viloyat hokimi tomonidan e'tirof etilib, ularga tashakkurnoma va esdalik sovg'alari topshirildi. Jonliq so‘yilib, xatmi Quron o‘qildi. Yurtimiz tinchligi, dasturxonlarimiz to‘kinligi va mazkur dalalarda hosillar mo‘l bo‘lishi uchun duoga qo‘l ochildi.
So'ngra hududda Avstriyaning “BAUER” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, 6 ta zamonaviy yomg‘irlatib aylanma usulida sug’orish tizimini joriy etilganligi (jami 16 ta shunday sug'orish tizimi joriy etiladi), nasoslar orqali suv yetkazib berish uchun quvurlarning tortilgani, 50 ming kubometr sig'imli suv saqlash inshooti, elektr ta’minotini va yerlarni ekishga tayyorlash ishlari ko'zdan kechirildi.
Ma'lumot uchun, hozirda hududda 2600 gektar yer maydoni o'zlashtirilib, kartoshka yetishtirish loyihasining umumiy qiymati 30 mlrd so’mni tashkil etadi va bu orqali 10 ming tonna kartoshka urug’lik zaxirasi yaratiladi. Shuningdek, muzlatkichlar qurish va chorvachilik fermasini tashkil etish kabi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, bu nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi, balki 500 ta yangi doimiy ish o'rinlarini yaratilishi natijasida aholi bandligini ta'minlash va ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.









