Viloyat hokimi “Bilimlar kuni”da ishtirok etdi
2026-09-02 12:25:00 / Yangiliklar

Bugun viloyatimiz bo‘ylab maktablarda ilmga tashna o‘quvchilar ishtirokida yangi o‘quv yili ilk qo‘ng‘iroq sadolari ostida boshlandi. Bayramona kayfiyat, shodiyona ruh va ezgu tilaklar bilan o‘tgan ushbu tadbirlar yoshlar qalbida katta ilhom uyg‘otdi.
Viloyat hokimi Murotjon Azimov Qarshi tumanidagi 65-maktabda bo‘lib o‘tgan “Bilimlar kuni” tadbirida ishtirok etdi va Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tadbir davomida viloyat hokimi maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi. Bu esa yoshlar hayotida unutilmas lahza sifatida muhrlandi.
Ma’lumot uchun, mazkur 65-maktabning 7 nafar xorijiy til o‘qituvchilarining barchasi til bilish sertifikatlarini qo‘lga kiritgan bo‘lib, 11-sinf o‘quvchilarining 32 nafari C1, B2 darajali sertifikatlarga sazovor bo‘lishgan. O‘tgan o‘quv yilida maktabni tamomlagan jami 58 nafar bitiruvchining 40 nafari oliy o‘quv yurtlariga, 18 nafari esa texnikumlarga qabul qilindi. Maktabda UNICEF loyihasi asosida alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim sinflari joriy etilgan.









