Qashqadaryo viloyati hokimi Azimov Murotjon Berdialiyevichning yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan viloyatimiz ahliga bayram tabrigi
2026-08-31 10:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Muhtaram nuroniylar, qadrli yoshlar, hurmatli mehmonlar!
Avvalo, barchangizni, Siz orqali viloyatimiz ahlini mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan samimiy tabriklayman!
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz munosabati bilan yuksak hurmat, ehtiromimni, ezgu tilaklarimni izhor etaman.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” bosh g‘oyasini mujassam etgan bayram tantanalari vohamizning har bir mahalla, ko‘cha, xonadoniga o‘zgacha fayz olib kirmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q”.
Bugun mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lidan ildam, og‘ishmay olg‘a bormoqda. Har bir islohot, o‘zgarish, yangiliklar “Inson qadri uchun” g‘oyasiga tayangan holda amalga oshirilmoqda.
Jahondagi turli ziddiyatlar, tinchlik inqirozi sharoitida mustaqilligimiz — milliy o‘zligimiz, asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Mustaqillik bayrami munosabati bilan Qashqadaryoliklardan 22 nafari Davlatimizning yuksak orden va medallari, qariyb 3 200 nafari esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Muhtaram Prezidentimizning vohadoshlarimizga, bergan bu yuksak e’tiroflari - mard, oliyjanob, tanti Qashqadaryoliklar uchun katta sharaf, iftixordir.
Albatta, bu - viloyatimizdagi sog‘lom muhit, xalqimizdagi hamjihatlik, barcha rahbarlar hamda keng jamoatchilikning muhtaram Prezidentimiz atrofida mustahkam birlashib, xalqimiz farovonligi yo‘lida mehnat qilayotganining yuksak samarasidir.
Ayni paytda barcha shahar, tuman, qishloq, mahallalarimizda yangicha bunyodkorlik ruhi, yaratuvchanlik kayfiyati hukmron.
Viloyatimiz taraqqiyoti mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Barcha yurtdoshlarimiz qatori, Qashqadaryolik-larning ham ertangi kunga ishonchi kun sayin mustahkamlanmoqda.
Shu o‘rinda, viloyatimizda qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida ayrim raqamlarni keltirsam, o‘rinli bo‘ladi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatimiz iqtisodiyoti 5 karraga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan hududiy mahsulot 4 karraga oshdi.
Ishbilarmonlik va investitsiya muhitining yaxshilanishi natijasida tadbirkorlik subyektlari va sanoat korxonalari 3 baravarga ko‘paydi.
Yalpi hududiy mahsulotda tadbirkorlarning ulushi 70 foizga yetdi. Qashqadaryo mahsulotlari eksport geografiyasi 4 baravarga kengaydi.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 1-2 million dollar xorijiy investitsiya kelgan bo‘lsa, birgina joriy yilning o‘zida 1 milliard dollardan oshiq chet el sarmoyasi jalb qilindi.
Faol tadbirkorlarimiz kuchi, salohiyati bilan sanoatda ulushi 100 million dollardan ortgan tumanlarimiz soni 1 tadan 9 taga yetdi, 14 ta tumanda xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mdan oshdi.
Yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, xalqimiz og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot – tadbirkorlarimizning jasorat bilan qilayotgan mehnati, tashabbusi va izlanishlari mahsulidir.
Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, istiqbolini ta’minlayotgan, xalqimiz hayotini farovon qilayotgan eng katta tayanchimiz bo‘lgan barcha tadbirkorlar, investorlarimizga cheksiz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Xalqimiz uchun qariyb mingta ko‘p qavatli uy qurilib, 35 mingta oila zamonaviy xonadonga ega bo‘ldi. Ahamiyatlisi, yangi uylarning yarmidan ko‘pi oxirgi 4 yilda qurildi.
Markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 11 foizdan 62 foizga yetkazildi.
Ajratilgan mablag‘lar hisobidan 12 ming kilometr yo‘l, 200 ga yaqin ko‘prik ta’mirlandi.
Birgina, Mustaqillik bayrami arafasida qariyb 7 trillion so‘mlik 600 ga yaqin sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirildi.
Ilm-fan, innovatsiyalarning keng qo‘llanilishi natijasida Qashqadaryoda yetishtirilgan paxta hajmi ilk bora – 550 ming tonnadan oshdi. G‘alla, sabzavot, meva hosildorligi sezilarli ko‘paydi.
So‘nggi ikki yilning o‘zida 450 ta mahallaga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bordi.
Kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi, yashash sharoitini yaxshilash, ijtimoiy himoyasi bo‘yicha “mahallabay” ishlash yo‘lga qo‘yildi.
Muhimi, 239 ta mahalla “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi. Qator tuman, shaharlarimizning kambag‘allik, ishsizlik ko‘rsatkichi tabiiy darajaga yaqinlashdi.
Turizm- Qashqadaryoning yangi iqtisodiy “tashrif qog‘ozi”ga aylandi. Shahrisabzning tarixiy merosiga e’tibor, tog‘oldi hududlarining rivojlantirilishi natijasida bu soha rivoji mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.
Mehmonxona fondi 10 karra, xorijiy sayyohlar oqimi esa 31 barobarga ko‘paydi.
Shahrisabzga “Jahon hunarmandlar shahri” maqomi berilishi viloyatimizda turizm va hunarmandchilik rivoji uchun juda katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘tgan o‘n yilda aholimiz 700 mingtaga ko‘payganiga qaramasdan bog‘cha qamrovi 13 foizdan 75 foizga yetdi.
Maktablarda qariyb 200 mingta qo‘shimcha yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi. O‘qituvchilar obro‘-e’tiborini tiklash islohotlari natijasida bugun mingdan oshiq muallimlar 10 million so‘mdan yuqori maosh olmoqda.
Respublikada birinchi bo‘lib, yoshlarni xorijiy tillar, kasbga o‘qitish bo‘yicha Germaniyalik hamkorlar bilan ulkan loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrab olish darajasi 9 foizdan 51 foizga yetdi. Farzandining, ayniqsa, qizlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun investitsiya kiritayotgan ota-onalarning ko‘payayotgani, barchamizni quvontirmoqda.
Sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘larning keskin oshirilgani, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasining yaxshilangani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani xalqimiz salomatligini ta’minlashda samara bermoqda.
Ilgari xorij va poytaxtda qilingan 100 ga yaqin murakkab diagnostika va davolash usullari bugun viloyatimizda mukammal bajarilmoqda.
Aziz vohadoshlar!
O‘zgarishlarni bir jumlada ifodalaydigan bo‘lsak, Qashqadaryo katta tabiiy resurslarga ega hududdan ushbu imkoniyatlarni sanoat, tadbirkorlik, xizmatlar, turizm va inson kapitaliga aylantirayotgan zamonaviy iqtisodiy hududga aylanmoqda.
O‘n yil oldin biz uchun gaz, elektr, yo‘l, suv tarmog‘ini yetkazish, tadbirkorga kredit berish asosiy masala edi.
Bugun yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat, energiya va suv tejamkor texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, eksportbop mahsulotlar, zamonaviy logistika va turizm xizmatlarini rivojlantirish asosiy vazifalarimizga aylandi.
Joriy yil yakuniga qadar viloyat iqtisodiyotini 8,2 foizga, sanoatni 8,6 foizga o‘sishini ta’minlashni maqsad qilganmiz.
Investitsiyalar hajmini 3,5 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allikni minimal daraja – 3 foizgacha tushirish uchun ishlayapmiz.
Qadrli vohadoshlar!
Muhtaram Prezidentimiz kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘lishini alohida ta’kidlab, yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta yo‘nalishni alohida belgilab berdilar.
Shu asosda, avvalo, bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishga intilamiz.
Bolalarni bog‘chaga qamrab olish, maktablarda ta’lim sifatini yanada yaxshilash, o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor masalamiz bo‘lib qoladi.
Texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari yanada ko‘paytirilib, yoshlarimiz yuqori daromadli kasblarga o‘qitiladi.
Xalqimizning sog‘lom bo‘lishi, uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga qaratilgan ishlar ko‘lami yanada kengayadi.
Iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish – asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi.
Tadbirkorlikda kichik biznesdan – o‘rta biznesga, o‘rtadan – yirik loyihalarga o‘tish bo‘yicha barcha amaliy choralar ko‘riladi.
Sanoatni diversifikatsiya qilish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishning zaruriy imkoniyatlari ishga solinadi.
Suv va tabiatga munosabat tubdan o‘zgaradi. Ekin maydonlarda suv tejaydigan texnologiyalarga to‘liq o‘tiladi.
Yerlar holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi taraqqiyotini ilmiy asosda tashkil etish kuchaytiriladi.
Sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirish yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solinadi.
Mahalla – haqiqiy ma’noda, taraqqiyotimizning asosiy buyurtmachisiga aylantiriladi. Mahallalardagi ixtisoslashuvni chuqurlashtirish odamlarning ro‘zg‘origa baraka kiritish qo‘llab-quvvatlanadi.
Vatanimizning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirish borasidagi tadbirlarimizni izchil davom ettiramiz.
Aziz do‘stlar!
Bugun qashqadaryoliklar – barchamiz belni mahkam bog‘lab, marrani baland olganmiz.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz”.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun birlashib, ilg‘or g‘oya, tashabbuslarni hayotga tatbiq etib, islohotlar natijadorligi yo‘lida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlasak, ko‘zlagan ezgu maqsadlarimizga, albatta, yetamiz.
Yana bir bor Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayz va baraka tilayman.
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!
Yangi O‘zbekistonimiz, jonajon Qashqadaryomiz yanada gullab-yashnasin!
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
