“QASHQADARYO–2030”: SALOHIYATDAN FAROVONLIK SARI
2026-08-17 16:25:00 / Yangiliklar

Viloyatning 2030-yilgacha taraqqiyot strategiyasi iqtisodiy o‘sishni inson manfaati bilan bog‘laydi
Har bir hududning kelajagi uning qancha resursga ega ekani bilan emas, shu resursni qay darajada inson manfaatiga xizmat qildirishi bilan belgilanadi. Qashqadaryo uchun ham bugungi eng muhim masala - ulkan tabiiy, iqtisodiy va mehnat salohiyatini aniq natijaga aylantirishdir. Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi sessiyasida muhokama qilingan “Qashqadaryo–2030” strategiyasi ana shu maqsadni ko‘zlaydi: 3,7 milliondan ziyod aholi uchun barqaror daromad, munosib ish o‘rni, sifatli ta’lim va tibbiy xizmat, zamonaviy infratuzilma hamda xavfsiz va farovon hayot muhitini yaratish.
Bu hujjatni viloyatning keyingi taraqqiyot falsafasini belgilaydigan strategik yo‘l xaritasi sifatida baholash to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki unda bir vaqtning o‘zida iqtisodiy o‘sish, sanoatni diversifikatsiya qilish, agrar sohada qo‘shilgan qiymatni oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, suv va ekologik barqarorlikni ta’minlash, turizmni kengaytirish kabi o‘zaro bog‘liq maqsadlar jamlangan.
Qashqadaryo respublika yalpi hududiy mahsulotida 5,3 foiz ulushga ega, qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotidagi hissasi esa qariyb 10 foizni tashkil etadi.
Shu jihatdan strategiyaning muhim tomoni shundaki, u mavjud muammolarni yashirmaydi. Aksincha, ularni ochiq e’tirof etib, har bir yo‘nalish uchun o‘lchab bo‘ladigan maqsad va natijalarni belgilaydi. Bu esa rejalashtirish madaniyatidagi muhim o‘zgarish: “qancha ish qilindi?” degan savoldan “odamlar hayotida qanday o‘zgarish bo‘ldi?” degan mezonga o‘tishdir.
Strategiyaning bosh maqsadlaridan biri Qashqadaryoni respublikaning yetakchi sanoat-agrar va turizm markazlaridan biriga, neft-gaz-kimyo sanoatining yirik maskaniga aylantirishdir.
2030-yilga borib viloyat yalpi hududiy mahsulotini 13,4 milliard AQSH dollariga yetkazish, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulotni 2 135 dollardan 3 300 dollargacha oshirish belgilangan. Sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 1,34 milliard dollardan 2,35 milliard dollarga yetkazish, 25 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Bu raqamlarning ahamiyati faqat iqtisodiy statistikada emas. Yuqori daromadli har bir yangi ish o‘rni - bir oilaning barqarorligi, farzandlar ta’limiga sarmoya, uy-joy sharoitining yaxshilanishi va kelajakka ishonch demakdir. Shu sababli iqtisodiy o‘sishning samarasi yalpi mahsulot hajmi bilan emas, uning aholi daromadi va hayot sifatiga qanchalik tez o‘tayotgani bilan o‘lchanishi kerak.
Eksportda ham sifat jihatidan yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini 70 foizga yetkazish, faol eksportchi korxonalar sonini 250 tadan 350 taga, xalqaro sertifikatga ega korxonalarni 110 tadan 216 taga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Bu - xom ashyoni sotishdan ko‘ra uni qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymat bilan tashqi bozorga chiqarishga o‘tish degani. Paxtani ip-kalava, mato va tayyor kiyimga, meva-sabzavotni esa qayta ishlangan va qadoqlangan eksport mahsulotiga aylantirish bir vaqtning o‘zida daromad, ish o‘rni va valyuta tushumini oshiradi.
Investitsiya siyosatida ham asosiy mezon miqdor emas, samara bo‘lishi lozim. Strategiyada aholi jon boshiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini yillik 60 dollardan 250 dollarga yetkazish, strategik texnologik va infratuzilmaviy loyihalar sonini 11 tadan 41 taga oshirish maqsad qilingan. Biroq har qanday investitsiya yangi texnologiya, mahalliylashtirish, eksport, soliq tushumi va barqaror ish o‘rniga aylangandagina hudud iqtisodiyoti uchun haqiqiy qiymat yaratadi.
Qashqadaryoning iqtisodiy qiyofasini qishloq xo‘jaligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ammo zamonaviy agrar siyosatning asosiy mezoni faqat hosil hajmi emas. Bir gektar yerdan qancha daromad olindi, qancha suv tejaldi, mahsulotning qay darajasi qayta ishlandi va tashqi bozorga chiqarildi - aynan shu ko‘rsatkichlar samaradorlikni belgilaydi.
2030-yilga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 13,8 foizdan 19,1 foizga, mahalliy urug‘lik bilan ta’minlanganlikni 34 foizdan 50 foizga oshirish, agrar eksportni 116,9 million dollardan 214,1 million dollarga yetkazish belgilangan. Bu vazifalar fermer uchun ham, iste’molchi uchun ham muhim: ishlab chiqaruvchi ko‘proq daromad oladi, bozorda sifatli mahsulot ko‘payadi, hududda esa yangi qayta ishlash zanjirlari va ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.
Strategiyada iqtisodiy o‘sish inson taraqqiyotidan ajratilmagan. 2030-yilga qadar PISA xalqaro baholashida o‘quvchilar natijasini 364 balldan 450 ballga oshirish, maktabgacha ta’lim qamrovini 64 foizdan 80 foizga yetkazish, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 75 yoshdan 78 yoshga oshirish maqsad qilingan. IT sohasida 30 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash, “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 676 ming nafar yoshni xorijiy tillarga jalb etish rejalashtirilgan.
Bu maqsadlar bir haqiqatni ko‘rsatadi: Qashqadaryoning eng katta boyligi- bilimli, sog‘lom, raqobatbardosh va tashabbuskor insonlaridir. Zamonaviy korxonaga malakali muhandis, raqamli iqtisodiyotga dasturchi, eksportga til biladigan mutaxassis, samarali qishloq xo‘jaligiga esa ilg‘or agronom va texnolog kerak. Demak, ta’lim va sog‘liqni saqlashga kiritilgan har bir sarmoya kelgusida iqtisodiy o‘sishga qaytuvchi investitsiyadir.
Kambag‘allikni qisqartirish masalasida ham yondashuv manzilli va natijaga yo‘naltirilgan. 2030-yilga qadar mutlaq kambag‘allikni minimal darajaga tushirish, kambag‘al oilalarni kambag‘allikdan chiqarish xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bu yerda asosiy vazifa bir martalik moddiy yordam emas, balki oilaga kasb, ish, tadbirkorlik imkoniyati va barqaror daromad manbasini berishdir. Shunda ijtimoiy yordam qaramlikni emas, iqtisodiy mustaqillikni rag‘batlantiradi.
Qashqadaryo uchun suv - iqtisodiy xavfsizlik va aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir qiladigan strategik resursdir. Strategiyada markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlikni 62,4 foizdan 80,7 foizga, kanalizatsiya xizmatlari qamrovini 8,9 foizdan 19,1 foizga yetkazish belgilangan. Qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 70 MVtdan 243 MVtga oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga qisqartirish vazifalari ham hududning “yashil” taraqqiyotga o‘tishini anglatadi.
Bunday ko‘rsatkichlar katta iqtisodiy raqamlar fonida oddiydek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa odamlar taraqqiyotni eng avvalo kundalik hayotida his qiladi: xonadonga toza suv kelishi, kanalizatsiya tarmog‘i ishlashi, elektr ta’minoti barqaror bo‘lishi, atrof-muhit tozaligi va yashil hududlar ko‘payishi ana shu farovonlikning eng aniq ko‘rinishlaridir.
Turizm sohasida esa Qashqadaryoning tarixiy va tabiiy ustunliklari katta imkoniyatlar ochadi. Kitob-Shahrisabz tarixiy-turistik brendini rivojlantirish, turizm mahallalari va qishloqlari sonini 4 tadan 14 taga yetkazish, yangi mehmon o‘rinlari, turizm klasterlari va dor yo‘llarini barpo etish rejalari nafaqat sayyohlar oqimini ko‘paytirish, balki mahalliy aholi uchun xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik, transport, umumiy ovqatlanish va savdoda yangi daromad manbalarini yaratishga xizmat qiladi.
“Qashqadaryo-2030” strategiyasi loyihasining muhim jihatlaridan biri - ijro va monitoring mexanizmlarining oldindan belgilanganidir. Natijalar Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi hamda “Ijro.gov.uz” orqali kuzatib boriladi, 2028-yilda oraliq baholash o‘tkaziladi, har yil yakunida esa ko‘rsatkichlar xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida tanqidiy muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Strategiya loyihasida 13,4 milliard dollar yalpi hududiy mahsulot, 25 mingta yuqori daromadli ish o‘rni, 350 ta faol eksportchi korxona, aholi jon boshiga 250 dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya, IT sohasida 30 ming yoshning bandligi, 80 foizdan ortiq ichimlik suvi qamrovi, 243 MVt qayta tiklanuvchi energiya kabi yirik maqsadlar belgilangan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Qashqadaryo-2030” strategiyasi loyihasining ma’qullanishi katta mas’uliyatli bosqichning boshlanishidir. Endi vazifa - belgilangan maqsadlarni tuman, shahar, tarmoq va aniq loyihalar kesimida hayotga tatbiq etish, resurs va mablag‘larni natijaga bog‘lash, ijroda ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashdir.
Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
