BIR SHOSHILGAN QAROR — BIR UMRLIK AFSUSGA AYLANMASIN!
2026-07-21 19:55:00 / Yangiliklar

Har bir ota-ona farzandining baxtli bo‘lishini istaydi. Ayniqsa, qiz farzand-oilaning nafaqat mehri, balki kelajagi, ertangi avlod tarbiyachisidir. Uni voyaga yetkazish, bilimli qilish, kasb-hunarli etib tarbiyalash va mustaqil hayotga tayyorlash har bir ota-onaning eng katta mas’uliyati hisoblanadi. Afsuski, ba’zan “qiz katta bo‘lib qoldi”, “sovchi kelib turibdi”, “urf-odat shu”, “maktabni bitirdi, endi turmushga chiqsin” degan qarashlar tufayli shoshilib qabul qilingan qarorlar qizlarning butun umriga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bugun shifokorlar, psixologlar va huquqshunoslar bir fikrni takrorlamoqda: erta turmush va erta tug‘ruq nafaqat qonunga zid, balki qiz bolaning hayoti, salomatligi va kelajagiga jiddiy xavf tug‘diradi. Bu shunchaki ogohlantirish emas, hayot tasdiqlayotgan haqiqatdir.
Ayrim hududlarimizda ham joriy yilning dastlabki oylarida voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta tug‘ruq holatlari qayd etildi. Bu har bir holat ortida bir qiz bolaning taqdiri, ta’lim jarayonining uzilishi, orzu-maqsadlarining kechikishi hamda ona va bola salomatligi bilan bog‘liq xatarlar turganini yana bir bor eslatadi. Ayrim holatlarda erta ona bo‘lgan qizlar hali umumta’lim maktabi yoki kasb-hunar ta’limi muassasalarida tahsil olayotgan, ayrimlari esa voyaga yetish davrini to‘liq yakunlamagan bo‘lgan. Bu esa mazkur masalaga oila, ta’lim muassasalari va tegishli idoralar hamkorlikda yanada katta e’tibor qaratishi muhimligini ko‘rsatadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, erta tug‘ruqlarning asosiy sabablari-voyaga yetmagan qizlarni unashtirish, eski urf-odatlarga ko‘r-ko‘rona ergashish, ota-onalar nazoratining susayishi, mehnat migratsiyasi tufayli farzandlarning e’tiborsiz qolishi, to‘liqsiz oilalar hamda huquqiy va tibbiy savodxonlikning yetarli emasligidir.
Ayrim holatlarda qizlarning onasi yoki otasi chet elda bo‘lgani, ba’zi hollarda esa oiladagi ijtimoiy muhitning nosog‘lomligi ularning hayotida og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, 18 yoshgacha qiz bolaning organizmi homiladorlik va tug‘ruq uchun to‘liq shakllanib ulgurmaydi. Shuning uchun erta homiladorlik og‘ir tug‘ruq, ko‘p qon yo‘qotish, ichki a’zolarning shikastlanishi, ruhiy tushkunlik, turli surunkali kasalliklar, hatto nogironlikka olib kelishi mumkin. Eng achinarlisi, ba’zi qizlar keyinchalik farzand ko‘rish imkoniyatini ham yo‘qotishi mumkin. Bu esa nafaqat bir insonning, balki butun bir oilaning fojiasiga aylanadi.
Erta turmushning yana bir og‘ir oqibati shundaki, qizlar ta’limdan uzilib qoladi. Ular kasb egallay olmaydi, iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘la olmaydi, hayotda o‘z o‘rnini topishi qiyinlashadi. Natijada oilaviy kelishmovchiliklar, ajrimlar, zo‘ravonlik va qashshoqlik xavfi ham ortadi. Demak, erta turmush hech qachon baxt kafolati emas.
Dunyo tajribasi ham shuni isbotlab turibdi. Masalan, Shvetsiyada qizlar va o‘g‘il bolalarning huquqlari, reproduktiv salomatligi va oilaviy hayotga tayyorgarligi maktabning o‘zidayoq bosqichma-bosqich o‘rgatiladi. Ota-onalar ham farzand tarbiyasi bo‘yicha muntazam psixologik va huquqiy maslahatlar oladi. Eng muhimi, jamiyatda “qiz avval bilim olsin, kasbli bo‘lsin, keyin oila qurishi kerak” degan qarash hayot tarziga aylangan. Shuning uchun bu mamlakatda voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi tug‘ruqlar dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Janubiy Koreya esa muammoni ta’lim va kelajak rejasi orqali hal qildi. Davlat qizlarning yuqori ta’lim olishi, kasb egallashi va mehnat bozorida munosib o‘rin topishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Natijada aksariyat yoshlar avval bilim va kasb orttirishni, keyin esa oila qurishni hayotning to‘g‘ri yo‘li deb hisoblaydi. Bu yondashuv erta nikoh va erta tug‘ruqlarning keskin kamayishiga xizmat qildi.
Ozarbayjonda esa erta nikoh va o‘smirlar o‘rtasidagi homiladorlikning oldini olishda mahalla, ta’lim muassasalari, tibbiyot tizimi hamda oilalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Psixologik maslahatlar, huquqiy tushuntirish ishlari va aholi o‘rtasidagi targ‘ibot tadbirlari orqali yoshlar va ularning ota-onalarida mas’uliyatli yondashuvni shakllantirishga harakat qilinmoqda.
Bu tajribalardan bir muhim xulosa kelib chiqadi: erta nikoh va erta tug‘ruqni faqat qonun yoki jazo bilan emas, balki bilim, tarbiya, ota-onaning mas’uliyati, jamiyatning to‘g‘ri munosabati va har bir qizga kelajak uchun imkoniyat yaratish orqali bartaraf etish mumkin.
Yurtimizda ham bu borada keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Ayollar daftari”ning takomillashtirilgan tizimi orqali xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish, uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etildi. Bu islohotlarning asosiy maqsadi ehtiyojmand xotin-qizlarga bir martalik yordam berish emas, balki ularning iqtisodiy mustaqilligi, munosib hayoti va barqaror kelajagini ta’minlashdir.
Aziz ota-onalar! Bir lahzalik shoshqaloqlik bilan qabul qilingan qaror qiz farzandingizning butun taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin. To‘y bir kun davom etadi, ammo uning oqibati ba’zan bir umr davom etadi. Qizingizning erta turmush qurgani emas, balki sog‘lom, bilimli, kasbli va mustaqil inson bo‘lib kamol topgani siz uchun eng katta baxt bo‘lishi kerak. Unga beriladigan eng yaxshi sep — ta’lim, eng katta boylik — sog‘liq, eng mustahkam meros esa kasb va mustaqil hayotdir.
Har bir ota-ona o‘zidan bir savolni so‘rasin: “Men qizimga shoshilib to‘y qilib beryapmanmi yoki uning butun umrlik baxti uchun mustahkam poydevor yaratyapmanmi?” Ana shu savolga vijdonan berilgan javob ko‘plab qizlarning taqdirini saqlab qolishi mumkin.
Qizlarimizning bolaligini asraylik. Ularga orzu qilish imkonini beraylik. Avval bilim olsin, kasb egallasin, hayotni anglasin, jismonan va ma’nan voyaga yetsin. Shundagina ular qurgan oila mustahkam, tug‘iladigan farzandlar sog‘lom, jamiyatimiz esa yanada barqaror va farovon bo‘ladi. Zero, har bir asralgan qiz — sog‘lom oila, sog‘lom avlod va mamlakatimiz kelajagiga qo‘shilgan eng katta hissadir.
Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy
bo‘linmasi rahbari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
