Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar muhokama qilindi
2026-07-02 17:50:00 / Yangiliklar

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova rahbarligida respublika va hududiy mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Prezidentimizning 2026-yil 3-martdagi PF–33-son Farmoni ijrosi, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish hamda oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Qashqadaryo viloyatida farmon ijrosini ta’minlash maqsadida 3 946 nafar targ‘ibotchi shakllantirilib, ular tomonidan ommaviy axborot vositalarida 315 ta, joylarda esa 3 172 ta huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda 150 ming nafardan ortiq fuqaro qamrab olindi.
Shuningdek, xavf guruhiga kiruvchi qizlar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilib, ularga murabbiylar biriktirildi. Bundan tashqari, "Xotin-qizlar va ta'lim: Orzuni maqsadga aylantir!" loyihasi doirasida olib borilgan targ‘ibot ishlari samarasida qizlarning oliy ta’limga qamrovi yildan-yilga oshib bormoqda.
Yig‘ilishda oilaviy ajrimlarning oldini olish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga barham berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi. Qayd etilishicha, joriy yilning besh oyida viloyatda qayd etilgan oilaviy ajrimlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.
Yig‘ilish yakunida hududlarda bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish, muammolarni mahallabay hal etish hamda xotin-qizlar va bolalar manfaatlarini ishonchli himoya qilish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.









