Qashqadaryoda zamonaviy Media markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2026-07-01 10:45:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatida axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish, media mahsulotlar sifatini oshirish, milliy brendni tanitish hamda yosh ijodkorlar va kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qarshi shahridagi Yoshlar markazida zamonaviy Media markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Markazning ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi rahbarlar, soha mutasaddilari, jurnalistlar, blogerlar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Media markazda foto va video kontentlarni suratga olish hamda montaj qilish, podkast va intervyularni yozib olish, matbuot anjumanlari, brifing va taqdimotlarni tashkil etish, grafik dizayn, SMM va raqamli marketing yo‘nalishlarida ishlash, media savodxonligi, kontent yaratish va sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar o‘tkazish, yoshlarning media loyihalarini ishlab chiqish va amaliy qo‘llab-quvvatlash, jamoaviy muhokamalar, ijodiy uchrashuvlar hamda treninglarni tashkil etish kabi qator imkoniyatlar yaratilgan.
Bundan tashqari, Media markaz zamonaviy kutubxona, coworking hududi, uchrashuv xonalari va qulay kutish zonalari bilan jihozlangan.
Tadbir yakunida, Murotjon Azimov viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi axborot xizmati uchun Kobalt avtomashinasi kalitini topshirdi.









