Qashqadaryo va Xitoy tadbirkorlari ishtirokida biznes forum o‘tkazildi
2026-06-22 20:25:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Prezidentimiz poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi davomida viloyat hokimlariga xorijiy investorlarni hududlarga jalb etish, ularni yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishtirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarda ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qator topshiriqlar bergan edi.
Maʼlumot o‘rnida, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiya ham ushbu xalqaro forumda ishtirok etib, dunyoning nufuzli kompaniyalari bilan faol muloqotlar olib bordi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida Xitoy Xalq Respublikasining Anxoy provinsiyasi, Xefey shahri Yaoxay tumani delegatsiyasi vakillari hamda viloyat tadbirkorlari ishtirokida biznes forum va B2B uchrashuvlari tashkil etildi.
Shahrisabz tumanidagi “Miraki Resort” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda investitsion hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va biznes aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Forum davomida tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilib, qator istiqbolli loyihalar yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tadbir doirasida Shahrisabz shahar hokimligi hamda Xitoyning “Ak Saray Invest Group” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.








