Yangi qaror - yangi imkoniyatlar: Qashqadaryo ulkan o‘zgarishlar ostonasida
2026-04-24 20:20:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga ko‘ra hududda har bir inson hayotiga bevosita ta’sir qiladigan aniq rejalar va vazifalarni belgilab berdi. Unda 2026-yil uchun juda muhim va aniq ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan bo‘lib, asosiy maqsad - iqtisodiyotning o‘sishini ta’minlash, odamlarni ish bilan band qilish, daromadlarni oshirish va yashash sharoitini yaxshilashdan iborat.
Avvalo, viloyat iqtisodiyotini sezilarli darajada oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, yalpi hududiy mahsulot 8,2 foizga, sanoat ishlab chiqarish 8,6 foizga, xizmatlar sohasi 15,9 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,8 foizga va qurilish sohasi 13,2 foizga o‘sishi belgilangan.
Bu raqamlar ortida yangi korxonalar, yangi xizmat turlari, yangi qurilishlar va eng muhimi - yangi ish o‘rinlari turibdi. Shu orqali ishsizlik darajasi 3,2 foizgacha tushirilishi, kambag‘allik darajasi esa 3 foizgacha kamaytirilishi rejalashtirilgan. Ayrim shahar va tumanlarning ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirilishi belgilangani alohida ahamiyatga ega.
Ma’lumki, viloyatda yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud. Shu maqsadda, qaror asosida yirik avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish, yuzlab kilometr yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha aniq vazifalarning belgilanishi ushbu masalalarni yechish imkonini beradi.
Ayrim hududlarda elektr ta’minoti barqaror emasligi, eskirgan tarmoqlar va quvvat yetishmasligi, shuningdek, ichimlik suvi hamda oqova tizimlarda muammolar kuzatilayotgandi. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida 460 ta transformator o‘rnatilishi, 1592 kilometr elektr tarmoqlarining yangilanishi, shuningdek 16 ta inshoot qurilib, 416 kilometr suv va oqova tarmoqlarining barpo etilishi mazkur muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga xizmat qiladi hamda aholini, ayniqsa chekka hududlarda yashovchilarni munosib infratuzilma bilan ta’minlash imkonini yaratadi.
Sanoat sohasida ham katta o‘zgarishlar kutilmoqda. Muborak tumanida 200 gektar yer maydonida “Muborak innovatsion sanoat zonasi” tashkil etiladi. Bu hududda yangi ishlab chiqarish korxonalari paydo bo‘ladi, zamonaviy texnologiyalar joriy qilinadi va minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shu bilan birga, umumiy investitsiyalar hajmini 1,6 baravarga, eksport hajmini esa 1,3 baravarga oshirish maqsad qilingan. Bu esa viloyat iqtisodiyotini yanada mustahkamlaydi.
Qishloq xo‘jaligi sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. 15,8 ming gektar yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish rejalashtirilgan. Bu orqali avval foydalanilmay yotgan yerlar yana ishga tushirilib, hosil olinadi.
Sir emaski, Qashqadaryo respublikamizda eng suv tanqis bo‘lgan hududlar sirasiga kiradi. Qarorga ko‘ra, suv tanqisligi muammosini yumshatish uchun zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy etilib, nasos stansiyalari modernizatsiya qilinadi. Viloyatda kutilgan 800 million kub metr suv tanqisligining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda. Qo‘shimcha ravishda, Amudaryo havzasidan 3,7 milliard kub metr suv yetkazib berish rejalashtirilgani ham bu borada muhim ahamiyatga ega.
Suvdan samarali foydalanish uchun “Aqlli quduqlar” kabi zamonaviy tizimlar joriy etiladi. Shuningdek, ayrim hududlarda kanallar o‘rniga quvurli tizimga o‘tish orqali suv yo‘qotilishining oldi olinadi. Qishloq xo‘jaligida agrostar loyihalari amalga oshirilib, chorvachilik va ozuqa bazasini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratiladi.
Viloyatda transport xizmati bilan bog‘liq masalalar hududda turizm sohasini rivojlantirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu borada yo‘l-transport infratuzilmasi yaxshilanishi, aholi punktlarining turistik obyektlar bilan bog‘lanishi, Toshkent - Shahrisabz yo‘nalishida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatlanishi aholi va mehmonlar uchun katta qulaylik yaratadi.
Energiya samaradorligini oshirish ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib, bu borada 1,2 mingta xonadonda energiya tejovchi qurilmalar o‘rnatiladi, 623 ta geliokollektor joylashtiriladi. Ayrim binolar esa “nol energiya sarfli” tizimga o‘tkaziladi. Bu nafaqat xarajatlarni kamaytiradi, balki atrof-muhitni muhofaza qilishga ham xizmat qiladi.
Ta’lim sohasi doimo Prezidentimiz e’tiborida bo‘lib kelgan. Shu maqsadda viloyatimizda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish uchun 350 ta oilaviy bog‘cha tashkil etiladi. Yoshlarni xorijda ishlashga tayyorlash maqsadida Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun maxsus markazlar tashkil etilib, yoshlarga til va kasb o‘rgatiladi.
Bu rejalarni amalga oshirish uchun katta moliyaviy resurslar ajratilmoqda. Xususan, 100 million dollar miqdorda foizsiz kredit va 190 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur qaror Qashqadaryo viloyatini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan kompleks dastur hisoblanadi. Unda iqtisodiyot, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim va ijtimoiy sohalar bir-biri bilan uzviy bog‘langan holda qamrab olingan. Eng muhimi, bu qaror natijalari oddiy odamlar hayotida sezilarli o‘zgarishlarga olib kelishi, ularning daromadi va yashash sharoiti yaxshilanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari
