Viloyat hokimi Murotjon Azimov Muborak tumanida o'rganishlar olib bordi
2026-04-16 20:10:00 / Yangiliklar

Xabar berganimizdek, bugun viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi rahbarlar Muborak tumanida bo‘lib, turli tadbirlarda ishtirok etdi.
Xususan, rahbarlar dastlab tumandagi harbiy qismda “Jasorat maktabi” loyihasi doirasida viloyatning barcha hududlaridan 10 kunga jalb etilgan hamda vatanparvarlik, sport va intellektual tanlovlarida qatnashib, mutaxassislar tomonidan qator kasblarga va tadbirkorlikka o‘qitilgan 120 yoshlar bilan uchrashdi. Loyihada faol va namunali ishtirok etgan, musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar mazkur tadbir davomida taqdirlandi. Shuningdek, tadbir qatnashchilari giyohvandlikka qarshi umumxalq chellenjida ishtirok etishdi.
Tumandagi keyingi manzilda esa Payshanba - yoshlar kuni munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazilib, viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi rahbarlar tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, ularning muammo va takliflarini tingladi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan yoshlarga tegishli tartibda rasmiylashtirilgan vaucherlar topshirildi. Mazkur jarayon davomida tuman yoshlari musiqa va san’at sohasidagi iste’dodlarini ham namoyish etishdi. Ularga viloyat hokimi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shu bilan birga, viloyat hokimi Muborak tumanida navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Ularning muammolariga quloq tutdi, ayrimlari shu yerning o‘zida yechim topib, o‘rganish hamda vaqt talab etadiganlari alohida nazoratga olingan holda ijrosi bo‘yicha tuman rahbari boshchiligidagi mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari viloyat rahbari tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar bilan ham yaqindan tanishib, ularda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi, ayniqsa yoshlar bilan ishlovchi muassasa va loyihalarning faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, tumandagi sport maktabida murabbiy va yoshlar bilan suhbat qildi.
Bundan tashqari rahbarlar tumanning "Yoshlik" mahallasida "Jasmin Nur" MCHJ tomonidan barpo etilgan zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmuasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. U yerda mehmonxona, o‘quv markazi, bank xizmatlari hamda umumiy ovqatlanish shoxobchalari tashkil etilgan bo‘lib, viloyat hokimi bu yerda ta’lim olayotgan yoshlar bilan muloqot qildi.









