Respublika ishchi guruhining amaliy o‘rganishlari davom etmoqda
2026-04-13 18:55:00 / Yangiliklar

Xabar berilganidek, Qashqadaryo viloyatida sportni yanada rivojlantirish maqsadida respublika ishchi guruhi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyatida keng qamrovli o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Dastlab, viloyat hokimi Murotjon Azimov, Sport vaziri Adham Ikramov hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov boshchiligida ishchi guruhning yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari mas’ullari hamda sportchilar ishtirok etdi.
Tashrif davomida 776 ta mahallada yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish holati, “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari”, “Prezident olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston Talabalari Olimpiadasi” sport musobaqalari, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari, viloyatdagi sport infratuzilmasi, mavjud sharoitlar hamda sport ta’lim muassasalari faoliyati atroflicha tahlil qilish uchun o‘rganish ishlari ham boshlab yuborildi.
Shuningdek, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur o‘rganish ishlari natijasida hududda sport sohasini yanada rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish hamda yuqori natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratilishi kutilmoqda.
Shuningdek, ishchi guruh bilan birgalikda Qashqadaryoga tashrif buyurgan Olimpiya o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempion va sovrindorlari tomonidan viloyatdagi yosh sportchilar uchun ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazilmoqda.









