Murotjon Azimov Shahrisabzda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
2026-04-09 19:05:00 / Yangiliklar

Payshanba - yoshlar kuni munosabati bilan Shahrisabz shahrida viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligida yoshlarga mas’ul tashkilot rahbarlari ishtirokida keng qamrovli uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir avvalida Shahrisabz davlat pedagogika instituti hovlisida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yoshlar bilan birgalikda ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi. Shundan so‘ng rahbarlar institutdagi laboratoriyalar faoliyati bilan tanishib, talabalar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar hamda “Shaxmat plyus” yo‘nalishi taqdimotini ko‘zdan kechirdi.
Uchrashuvda 400 nafardan ortiq startapchi, tadbirkor, sportchi yoshlar va talabalar ishtirok etdi. Yoshlar bilan o‘tgan ochiq muloqotda, ularning bandlik, ta’lim, tadbirkorlik, kasb-hunar egallash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid taklif, tashabbus va muammolar tinglandi.
Bildirilgan masalalarni hal etish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘lgan yoshlarga pul mablag‘lari belgilangan vaucherlar topshirildi.









