Qashqadaryo - Germaniya hamkorligida yana bir yangi loyiha faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2026-04-06 12:50:00 / Yangiliklar

Bugun Germaniyaning “Prosica GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda Qarshi davlat texnika universitetida “Yoshlarni nemis tiliga o‘qitib, tartibli migratsiyaga yuborish” markazi tantanali ravishda ochildi va unda viloyat hokimi Murotjon Azimov, germaniyalik hamkorlar, keng jamoatchilik va yoshlar ishtirok etganini xabar qilgan edik.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat rahbari mazkur loyiha viloyatimiz yoshlari hayotida, ularning bilim olishi, kasb egallashi va xalqaro mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishida, ta’lim olishga yuborilishida muhim tarixiy qadam va innovatsion loyiha ekanligini ta’kidladi. Nemis hamkorlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bugundan nemis tili ta’lim jarayonlariga kirishgan tinglovchilar bilan yaqindan muloqot qildi.
Ma’lumot uchun, Prezidentimiz tomonidan joriy yil 13-martda qabul qilingan PQ-96-son Qaror bilan mazkur loyihaning huquqiy asosi yaratilib, hozir dastlabki bosqichda Germaniyadan kelgan 6 nafar malakali o‘qituvchilar 250 nafar yoshlarni nemis tiliga o‘rgatishni boshladi.
Umuman, Germaniyaning “Prosika” va Motiba kompaniyalari bilan hamkorlikda joriy yil 3 ming, 2030-yilgacha jami 50 ming nafar yoshlarni ushbu loyiha orqali nufuzli nemis kompaniyalariga ishga yuborish reja qilingan. Bunda har oy germaniyalik ish beruvchi kompaniyalar vakillari viloyatimizga tashrif buyurib, nomzodlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat o‘tkazadi va shu yerning o‘zida mehnat shartnomalari rasmiylashtirilishi ko‘zda tutilgan.






