Navbatdagi “hokimlik soati”da dolzarb masalalar muhokama qilindi
2026-03-31 15:35:00 / Majlislar

Viloyat hokimi Murotjon Azimov rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishida viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga doir muhim masalalar ko‘rib chiqildi hamda ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda, avvalo, aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni manzilli hal etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Bu borada mas’ul tashkilotlar faoliyatini yanada kuchaytirish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, 2026-yilda aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish hamda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi tuman va mahallalarda “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Yig‘ilish davomida joriy yilning yanvar–fevral oylarida hududlarda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilish holati va birinchi chorak yakuni bo‘yicha kutilayotgan natijalar muhokama etildi. Shu bilan birga, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida yer uchastkalarini ochiq auksion savdolariga chiqarish, toifasi o‘zgartirilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, viloyatdagi axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnik bazasi, ularning samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi tomonidan barcha masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi va ularning ijrosini ta’minlash qat’iy nazoratga olindi.









