Viloyat hokimi sport yoʻnalishida oʻrganishlar olib bordi
2026-03-23 20:25:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining 2026-yilgi mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari yuzasidan ishlab chiqilgan strategik chora-tadbirlar rejasi bilan tanishdi.
Yig‘ilish davomida viloyat sportchilarining respublika miqyosidagi musobaqalarda ishtiroki, erishilayotgan natijalar tahlil qilinib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, sport infratuzilmasini yanada takomillashtirish hamda yuqori natijalarga erishish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Sport boshqarmasi tomonidan 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar va aniq chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Viloyat hokimi tomonidan sport sohasini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida alohida jamg‘arma tashkil etilishi, ushbu mablag‘lar iqtidorli sportchilarni rag‘batlantirish, ularning tayyorgarlik jarayonlarini yanada takomillashtirish va munosib sharoitlar yaratishga yo‘naltirilishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, uchrashuv doirasida viloyat velosport federatsiyasiga amaliy yordam sifatida “Damas” rusumli avtomobil hamda 11 dona zamonaviy, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan velosipedlar topshirildi. Bu esa hududda velosportni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turiga qiziqishni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tashrif yakunida viloyat rahbari sport kurashlari markazida shug‘ullanayotgan yosh sportchilarning mashg‘ulot jarayonlarini bevosita kuzatib, ularga kelgusi musobaqalarda yuqori natijalarga erishish, viloyat sha’nini munosib himoya qilish borasida zarur tavsiyalar va motivatsion ko‘rsatmalar berdi.
Mazkur uchrashuv Qashqadaryo viloyatida sportni rivojlantirish, yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga jalb etish hamda yuksak natijalarga erishishga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.








