Qashqadaryo viloyati hokimi Zulfiya mukofoti sovrindorlari bilan muloqot qildi
2026-03-16 17:30:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Prezidentimizning “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizning bir guruh faol va tashabbuskor xotin-qizlari nufuzli mukofot bilan taqdirlandi. Ular safida vohamizdan Murodova Marjona Shuhrat qizi (Bojxona institutining xalqaro hamkorlik bo‘limi inspektori) va Amirova Latofat Bahrom qizi (Erkin ijodkor, shoira) bor edi.
Joriy yilning 14-mart kuni viloyat hokimi Murotjon Azimov zulfiyachi qizlar bilan uchrashib, mamlakatimizda Prezidentimiz tomonlaridan xotin-qizlarni e’zozlash, ularning ezgu orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zining iqtidori, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, yurt ravnaqi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyatini namoyon etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Muloqot davomida kelgusida xotin-qizlar va yoshlar yo‘nalishida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy kecha hamda tanlovlar o‘tkazish bo‘yicha qator g‘oyalar ilgari surildi. Sovrindor qizlar ta’lim, siyosat, ijod va jamoatchilik faoliyati orqali kelgusida ham yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shish niyatida ekanliklarini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida, Latofat Amirov viloyat hokimining tavsiyasi bilan bugundan Koson tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.






