Mahallada boshlangan islohot — xonadonda sezilayotgan natija
2026-02-09 15:50:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 7-fevraldagi sonida e’lon qilingan “Islohotlar nafasi har bir mahallada, har bir xonadonda sezilishi kerak” sarlavhali maqolasi bugungi taraqqiyot jarayonlarining mohiyatini, davlat siyosatida inson manfaati eng ustuvor o‘rinda ekanini yana bir bor namoyon etdi. Maqola hududda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, ularning odamlar hayotida qanday aks etayotganini aniq ko‘rsatib bermoqda.
Bugun Qashqadaryo haqiqatan ham ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Quruvchilar azmu shijoati, islohotlarning izchilligi va qat’iy nazorat tufayli shahar va qishloqlar qiyofasi kun sayin o‘zgarmoqda. Uy-joy qurilishi, yo‘llar, ko‘priklar, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasi obyektlari, nafaqat hududning tashqi ko‘rinishini, balki aholi turmush sifati va kayfiyatini ham yuksaltirmoqda.
O‘tgan yili rejadagi 176 ta o‘rniga 208 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirilgani aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid islohotlar samaradorligini yaqqol ko‘rsatadi. Joriy yilda 7510 xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgani esa bu jarayonning izchil davom etayotganidan dalolatdir.
Maqolada kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Chunki, islohotlar samarasi, eng avvalo, insonning daromadi, ish o‘rni va ertangi kunga ishonchi bilan o‘lchanadi.
Misol uchun, 2025-yilda viloyatda 32 ming 880 oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilib, 167 ming oilaning turmush sharoiti o‘rganilgani, 87 ming oilaning “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgani tizimli va manzilli yondashuvni ko‘rsatmoqda. Natijada, kambag‘allik darajasi 9,6 foizdan 6,5 foizga tushirilgan, 60 ta mahalla kambag‘allikdan xoli hududga aylantirilgan. Albatta, bu raqamlar minglab oilalarning hayotini o‘zgartirgan, ularda umid va ishonchni mustahkamlagan.
Investitsiya va sanoat sohasidagi yutuqlar ham aholini barqaror ish bilan ta’minlashda muhim omilga aylanmoqda. Qiymati 2,2 milliard dollarlik 618 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida 18 mingta barqaror ish o‘rni yaratilgan. Eksport geografiyasining 54 davlatgacha kengayishi, mahalliy korxonalarning xalqaro bozorda o‘z o‘rnini topayotgani Qashqadaryo iqtisodiyotida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.
Maqolada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, agrar soha ham yangilanish va raqamlashtirish davriga qadam qo‘ygan. G‘alla, paxta, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmlarining oshishi, eksport ko‘lamining kengayishi bilan birga suv tejovchi texnologiyalar, ilmiy yondashuv va aniq hisob-kitoblar joriy etilayotgani ahamiyatlidir. Bu o‘z navbatida dehqon va fermerning manfaatini himoya qilish, har gektar yerdan olinayotgan daromadni oshirishga xizmat qilmoqda.
Transport va yo‘l infratuzilmasidagi o‘zgarishlar esa aholining kundalik hayotida eng tez sezilayotgan islohotlardan biridir. 2025-yilda zamonaviy avtobus va mikroavtobuslarning xarid qilinishi, “Qarshi avtoshohbekati”ning barpo etilishi, minglab kilometr yo‘l va ko‘priklarning ta’mirlanishi odamlarning harakatlanishi, mehnat qilishi va dam olishi uchun qulaylik degani.
Turizm sohasining drayver tarmoqqa aylanib borayotgani ham Qashqadaryo taraqqiyotining muhim yo‘nalishidir. Miraki, Shahrisabz, Kitob va boshqa hududlarda turizm infratuzilmasining rivojlanishi, millionlab mahalliy va xorijlik sayyohlarning tashrifi, xizmatlar eksporti hajmining oshishi yangi ish o‘rinlari va daromad manbaini yaratmoqda.
Tibbiyotdagi islohotlar esa inson salomatligini himoya qilishda sifat o‘zgarishlariga olib kelmoqda. Yuqori texnologik operatsiyalar, raqamlashtirish, xususiy tibbiyotning rivoji aholi uchun tibbiy xizmatni yaqin va ochiq qildi. Bu sohadagi yutuqlar xalqning davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Xulosa qilib aytganda, deputat sifatida aytish joizki, ushbu maqolada bayon etilgan g‘oya va vazifalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Chunki amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z mohiyatiga ko‘ra insonga xizmat qilmoqda. Uning nafasi esa har bir mahallada, har bir xonadonda sezilmoqda.
Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
