Milliy armiya: tinchlik va milliy himoyaning kafolati
2026-01-13 19:05:00 / Yangiliklar

14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni yurtimiz hayotida alohida ma’no kasb etadi. Bu sana, nafaqat harbiylarimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tirof ifodasi, balki mamlakatimiz tinchligi, mustaqilligi va taraqqiyoti yo‘lidagi irodaning ramzi hamdir. Ushbu bayram arafasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy salohiyatni yuqori darajaga olib chiqish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar, olib borilayotgan islohotlar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga to‘xtaldi. Mamlakatimiz armiyasi zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlanmoqda, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi doimiy ravishda oshirilmoqda. Mudofaa sanoati salohiyatini mustahkamlash esa milliy harbiy mustaqillikni ta’minlashda asosiy omil hisoblanadi.
Xususan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida yangi taktik usullar joriy etildi, mashg‘ulotlar soni va shiddati 1,5 barobarga oshirildi, uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘linmalari va mutaxassislar tayyorlash markazlari tashkil etildi. Armiyani raqamlashtirish natijasida axborot xavfsizligi va boshqaruv samaradorligi sezilarli darajada oshdi. Bundan tashqari, harbiy ta’lim tizimi tubdan modernizatsiya qilindi, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi, ta’lim jarayonida sun’iy intellekt va zamonaviy baholash texnologiyalari joriy etildi.
Davlatimiz rahbari zamonaviy urush tabiatining tubdan o‘zgarganini alohida ta’kidladi. Endi g‘alaba faqat tank va samolyotlar soniga emas, balki sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalari, siyosiy-iqtisodiy ta’sir vositalari orqali ham qo‘lga kiritiladi. Shu bois, tinchlik va xotirjamlikni eng qimmatli boylik sifatida saqlash uchun barcha sohalarda “proaktiv ish rejimi”ga o‘tish shartligi alohida qayd etildi.
Harbiy xizmat tizimi ham bu talablarga muvofiq yangilanmoqda. Muddatli harbiy xizmat, nafaqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik, balki yoshlarning jamiyatda mustahkam o‘rin topishi, mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlanishi uchun asosiy bosqich sifatida tashkil etilishi lozimligi ta’kidlandi. Harbiy qismlarda yoshlarni kasbga tayyorlash uchun 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi, imtihonlar va sertifikatlash orqali ularning malakasi rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, har yili 5 ming askar “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi. Armiyadan qaytgan yoshlarga oliygohlarda tahsil olish va bandlik sohasida turli imtiyozlar beriladi. Bu esa harbiy xizmatni yoshlar uchun faol hayotga kirishish va professional rivojlanish yo‘liga aylantirmoqda.
Harbiy xizmatchilarning ma’naviy olamini boyitish ham muhim vazifa sifatida belgilanmoqda. Barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi, maktab-litseylar, kursantlar, serjant va ofitserlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlari o‘tkaziladi. Shuningdek, sportning an’anaviy turlari bilan bir qatorda kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari ham joriy etilmoqda.
Xavfsizlik va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unligi harbiy salohiyatni oshirishda asosiy omil hisoblanadi. Armiya sun’iy intellektga asoslangan robotlashgan majmualar, uchuvchisiz tizimlar, yengil texnika va zamonaviy qurollar bilan ta’minlanmoqda. Mudofaa sanoatida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Milliy raqamli infratuzilma va kiberxavfsizlikni mustahkamlash ham alohida ahamiyatga ega.
Shu bilan bir qatorda, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi ham doimiy e’tibor markazida. 1-apreldan boshlab ofitserlar uchun ko‘p yillik xizmat ustamasi 2 karra oshiriladi, kontrakt asosida xizmat qilayotgan askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Uy-joy qurilishi kengaytiriladi, pensiya ta’minoti mukammallashtiriladi.
Davlatimiz rahbari, zamonaviy tahdidlar va kiberxavfsizlikni hisobga olgan holda, yangi Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini belgiladi. Yangi doktrina O‘zbekistonning har qanday harbiy blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishini, ko‘p tomonlama diplomatiya va yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiyani rivojlantirishni ta’minlaydi.
Shu tariqa, milliy armiyamiz - tezkor, yuqori texnologiyali, zamonaviy tahdidlarga moslashgan, xalq va davlat xavfsizligini ta’minlay oladigan kuchli tizimga aylanmoqda. Bu esa tinchlik, barqarorlik va mamlakat taraqqiyotining eng ishonchli kafolati sifatida barcha sohalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy
bo‘linmasi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
