Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
2025-12-06 16:52:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum aziz vohadoshlar!
Tantanali bayram tadbirining muhtaram ishtirokchilari!
Avvalo barchangizni, viloyatimizda istiqomat qilayotgan ko‘p millatli xalqimizni - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi bilan samimiy tabriklayman!
Bosh qomusimiz bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy, adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi.
Muhtaram Prezidentimiz qayd etganlaridek: “Xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi”.
Bu yilgi bayram tantanalari “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.
Ta’kidlash zarurki, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi.
Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi, odamlar tashvishi bilan yashash, xalqimizning qonuniy talab-istaklari, xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish davlat organlari faoliyatining eng muhim mezoniga aylanmoqda.
Qaysi sohani olmaylik, qishloq xo‘jaligi, kimyo-texnologiya, sanoat, ishlab chiqarish, ta’lim, tibbiyot – bo‘layotgan o‘zgarish, yangilanishlarning mazmun mohiyati Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan.
Bugun o‘zaro muloqotlarda, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda “Bu – mening konstitutsiyaviy huquqim!” degan iboraga ko‘p duch kelmoqdamiz. Darhaqiqat, odamlarimiz g‘urur, iftixor bilan Konstitutsiyaga tayanishga, kundalik hayotda undan kuch, madad, ilhom olishga odatlandi.
Bu aholining huquqiy madaniyati oshib borayotgani, Bosh qomusimizning barcha jabhalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri va bevosita qo‘llash amaliyoti - o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.
Inson qadrini yuksaltirish bo‘yicha Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida vohamizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, bu kabi xayrli o‘zgarishlar odamlarimizning Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklarining yaqqol ifodasidir.
Aziz do‘stlar!
Muhtaram Prezidentimizning ko‘rsatmalari, bunyodkor xalqimizning azmu shijoatiga tayangan holda viloyatimizda kelgusida qator rejalar ko‘zda tutilgan.
Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish borasida yangidan yangi loyihalar amalga oshiriladi.
Buning natijasida kelgusi yili viloyatimiz iqtisodiyotining 106,1 foizga o‘sishi ta’minlanadi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 107 trillion so‘mga yetkaziladi.
Yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali 150 ming vohadoshlarimiz band qilinib, ishsizlik 4,6 foizga, kambag‘allik 3,4 foizga tushiriladi.
Iqtisodiyotimizga 4 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi, 1 milliard dollarlik Qashqadaryo mahsulotlari xorijga eksport bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona, samarali foydalanish ishlari yanada kuchaytiriladi. Ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali yuqori hosildorlikka erishish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish yanada jonlantiriladi.
Shahar, qishloqlarimizni obod qilish, yangi uy-joylar, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, sport maskanlarini barpo etish, yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish diqqat markazimizda bo‘ladi.
Ta’lim sifatini yaxshilash asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi. Yoshlarimizning chet tili, AyTi va zamonaviy kasblarni egallashlari uchun xorijiy loyihalar kengaytiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiylashuvini oshirish yangi bosqichga ko‘tariladi.
Raqamlashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish yo‘nalishida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Oila, mahallalarda o‘zaro hurmat, ahillik muhitini mustahkamlash, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash - hamisha e’tiborimizda bo‘ladi.
Fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda - byurokratik to‘siqlarni keskin qisqartirish, ushbu jarayonlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari faol qo‘llab-quvvatlanadi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy harakati qamrovini yanada kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish faoliyatimizning eng asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanadi.
Umuman, kelgusida Davlatimiz rahbari belgilab bergan beshta ustuvor yo‘nalish diqqat markazimizda bo‘ladi.
Bular, avvalo, sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlashdan iborat.
Hurmatli tadbir qatnashchilari!
Asosiy qonunimiz faqat huquqiy hujjat emas, u mamlakat taraqqiyotining ma’naviy mezoni, fuqarolarning davlatga va jamiyatning kelajakka ishonchini mustahkamlovchi poydevordir.
Unga rioya qilish esa har birimiz uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki fuqarolik mas’uliyatidir.
Inson huquq va erkinliklarini ustuvor maqsad deb bilgan ma’rifatparvar jadidlarning “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oyalari bugun ham barchamizni Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida hamjihatlikka chorlab turibdi.
Sizlarni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik- xotirjamlik, fayzu baraka tilayman!
Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchidan ilhomlangan holda Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessansni bunyod etish yo‘lidagi orzu-niyatlarimizga birgalikda yetaylik!
Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz uqtirganlaridek: “Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!”
E’tiboringiz uchun rahmat!
