“Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari tantanali va’da berdi
2025-11-25 17:25:00 / Yangiliklar

Bugun Qarshi shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Harbiy aviatsiya institutida “Vatan tayanchi” otryadlari a’zosi bo‘lgan o‘quvchilarning tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, o‘quvchilar, ustozlar, ota-onalar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
“Vatan tayanchi” harakatining asosiy maqsadi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mas’uliyat, fuqarolik burchi va Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirishdir. Shu maqsadda viloyatdagi xususiy maktablar, sport maktablari, akademik litsey, kasb-hunar maktablari, texnikum va politexnikumlarda maxsus otryadlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bu yil 30 mingdan ortiq o‘quvchilar orasida bilim va jismoniy tayyorgarligi bilan ajralib turgan 1 060 nafar yosh otryad a’zoligiga qabul qilindi. Marosim davomida ular Vatan va xalq oldida tantanali va’da berdilar. Shuningdek, 400 nafar “Vatan tayanchi” harakati a’zolariga ko‘krak nishon va a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
“Vatan tayanchi” harakati a’zolari uchun qator imtiyozlar belgilangan. Xususan, faol o‘quvchilar Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etiladigan tavsiyanoma orqali oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishda test yoki yakuniy suhbat natijasiga qo‘shimcha ball olish huquqiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, o‘quv yilida harbiy qismlar va poligonlarda muntazam amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Tadbirda viloyat hokimi so‘zga chiqib, o‘quvchilarning Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanishi, ularning kelajakda mard, bilimli va vatanparvar avlod sifatida voyaga yetishida ushbu harakatning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
“Vatanga qasamyod yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishdek muqaddas burchni ado etishga bel bogʻlagan har bir yigitning ulugʻ vaʼdasidir. Bu Qurolli Kuchlarimiz safiga kirgan har bir yosh harbiy xizmatchi uchun unutilmas kun hisoblanadi”, - dedi Murotjon Azimov.
Tadbir yakunida viloyat hokimi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi kuzgi ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi.









