Viloyat hokimi Qarshi tumanida o‘rganishlar olib bordi
2025-11-15 12:30:00 / Yangiliklar

Kecha Nishon tumanida o‘rganishlar olib borgan viloyat hokimi Murotjon Azimov xabar berganimizdek bugun ham hududlarga chiqib, bir qancha manzillarda bo‘ldi.
Xususan, bu galgi o‘rganishlar Qarshi tumani hududida davom etdi. Dastlab viloyat rahbari tumandagi 2-son politexnikumiga tashrif buyurib, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekib, politexnikum hududida tashkil etilgan dendrologiya bog‘i, asalarichilik va o‘rdakchilik xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, politexnikumda aholi va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish hamda o‘rgatish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Ta’lim dargohidagi o‘quvchi yoshlar va aholi bilan suhbat qilib, ularning takliflari bilan qiziqdi.
Jumladan, viloyat hokimi tikuvchilik bo‘yicha amaliyot jarayoni bilan tanishar ekan Andijonda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada modalar texnologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rin sohibasi bo‘lgan Asila Hamroyevaga noutbuk ham sovg‘a qildi.
Shundan so‘ng Murotjon Azimov “Hilol” mahallasida hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 20 mln. so‘m kredit va subsidiyaga pishiriq pechi olib, kambag‘allikdan chiqarilgan xonadonga tashrif buyurdi. Xonadon egalari bilan muloqot qilib, o‘zining esdalik sovg‘alarini ulashdi.
Navbatdagi manzil esa “Hilol” mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosi bo‘lib, u yerda mahalla yettiligi bilan muloqot qildi. Ularning faoliyati va kelgusi rejalari haqidagi taqdimotlarini tingladi.
Shuningdek, viloyat hokimi mahalladagi 5-sonli maktabda bo‘lib, u yerda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va ta’lim-tarbiya jarayonlari, xususan, maktabda tashkil etilgan turli, "Zakovat" singari to‘garaklar faoliyatini o‘rgandi va maktabga elektron doska sovg‘a qildi. Shu yerning o‘zida tumandagi ingliz tili o‘qituvchilari bilan muloqot qilib, yoshlarni xorijiy tillarga o'qitish bo'yicha fikr almashdi.
Viloyat hokimining tumandagi bugungi o‘rganishlarining so‘ngi manzili “Yangi Bog‘obod” mahallasidagi 1-sonli kichik hajmdagi bolalar uyi bo‘ldi. Bu bolalar uyining ijtimoiy himoyaga muhtoj shakllaridan farqi turli ehtiyojlarga ega, jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalar oilaga o‘xshash muhitda tarbiyalanadi. Murotjon Azimov bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirish jarayonida bolajonlarga esdalik sovg‘alarini ulashdi.
Fotolavhalar: https://t.me/qvh_axboroti/41693





