Namanganda organik mahsulot yetishtirishni kengaytirishga bag‘ishlangan amaliy seminarlar o‘tkazildi
2026-03-05 12:40:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning PQ-465 va PQ-136-son qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimizda organik mahsulot yetishtirishni yanada kengaytirish maqsadida Namangan viloyatining bir nechta tumanlarida amaliy seminarlar tashkil etildi.
Jumladan, Uchqo‘rg‘on, Norin, Chortoq, Uychi, Yangiqo‘rg‘on hamda Mingbuloq, Namangan, Kosonsoy, Chust, Pop va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida agroklasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari, fitosanitar davlat inspektorlari hamda sohada faoliyat yuritayotgan mutasaddilar ishtirokida ochiq muloqotlar va tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbirlarda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mas’ul mutaxassislari hamda “ACS BIO CERTIFICATION MMC” ekspertlari tomonidan organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni rivojlantirishga qaratilgan muhim vazifalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, respublika bo‘yicha organik mahsulotlar yetishtirish maydonlarini 20 ming gektarga, shuningdek “Global G.A.P.” va “BCI (Better Cotton)” xalqaro sertifikatlariga ega ekin maydonlarini 10 ming gektarga yetkazish bo‘yicha belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-yanvardan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hisobotini mahsulot yetishtirilgan hudud kesimida yuritish tizimini joriy etish, uning shaffoflikni ta’minlash va eksport jarayonlarini tizimli tashkil etishdagi ahamiyati haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminar davomida ishtirokchilarga organik mahsulot yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalari, xalqaro standartlar va sertifikatlash talablari, ichki fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirishda joriy etilgan yangi tartiblar haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, “Agroko‘makchi” mobil ilovasi orqali elektron “Dala daftari”ni yuritish imkoniyatlari, bu orqali fermer va dehqonlar uchun hisobot yuritishni soddalashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirlarda yana bir muhim yo‘nalish sifatida dala chetlari, kanallar, kollektor-drenaj va sug‘orish tarmoqlari atrofidagi yer maydonlaridan samarali foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmini oshirish hamda hududlarning eksport salohiyatini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarlar yakunida ishtirokchilarga belgilangan vazifalarni amaliyotga izchil joriy etish, organik ishlab chiqarishni kengaytirish hamda zamonaviy yondashuvlar asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.




